Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamda Fransiyaning AP-HP International tashkiloti vakillari sog‘liqni saqlash sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Onlayn uchrashuv O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Muloqotda asosiy eʼtibor tez va shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish masalalariga qaratildi.
Shuningdek, tomonlar tibbiy kadrlar tayyorlash va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini yana-da rivojlantirishda Fransiya tajribasidan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Muzokaralar davomida ishtirokchilar amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni davom ettirish, tibbiyot mutaxassislari uchun qo‘shma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi.