Iqtisod

O‘zbekistonda yirik mevali qovoq yetishtirish texnologiyalari joriy etilmoqda

O‘zbekistonda yirik mevali qovoq yetishtirish texnologiyalari joriy etilmoqda
O‘zbekistonda yirik mevali qovoq yetishtirish texnologiyalari joriy etilmoqda / Foto: Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda yirik mevali qovoq yetishtirish va uning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha xalqaro tajriba joriy etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Bu yo‘nalishdagi amaliy seminar Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti stansiyasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xalqaro ekspert Alan Volters, ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari, viloyat Agroxizmatlar markazi va viloyat AKIS xodimlari, shuningdek, sabzavotchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar yirik mevali qovoq yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalari, ekinlarni parvarishlash xususiyatlari, sifatli urug‘lik materialini tayyorlash va birlamchi urug‘chilikni tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqdi. Hosildorlikni oshirish hamda xorijiy tajribani mahalliy sharoitga moslashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xonqa tumanidagi institut stansiyasida amerikalik olimlar bilan hamkorlikda yirik mevali qovoq yetishtirish bo‘yicha amaliy tajribalar ham o‘tkazilmoqda.

Joriy yilda Italiyadan O‘zbekistonga Big Max, Atlantic Giant va Mammoth Gold navlariga mansub yirik mevali qovoqning 600 kilogramm oziq-ovqatbop urug‘i olib kelindi. Urug‘lar keyinchalik joriy etish uchun mamlakat hududlari o‘rtasida taqsimlandi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ekin maydonlari jami 150 gektarni tashkil etadi. Kutilayotgan o‘rtacha hosildorlik har gektardan 500 sentner, yaʼni 50 tonnagacha bo‘lishi mumkin.

Shu tariqa, mavsum yakuniga qadar qariyb 75 ming sentner, yoki 7,5 ming tonna yirik mevali qovoq olish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda ekilgan ekinlar dalalarda pishib yetilmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi qayd etishicha, dastlabki kuzatuvlar hosildorlik bo‘yicha istiqbolli ko‘rsatkichlarni namoyon etmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.