«BioPharma City» Janubiy Koreya klasterlari bilan hamkorlik qiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi vakillari Janubiy Koreyaning yetakchi tibbiy-farmatsevtika klasterlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvlar O‘zbekiston delegatsiyasining 3 sentyabr kuni Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tomoni Osong Advanced Medical Industry Promotion Foundation bazasida faoliyat yurituvchi KBIO Health hamda K-MEDI hub — Daegu Gyeongbuk Medical Innovation Foundation vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida ishtirokchilar Koreya klasterlarining infratuzilmasi, jumladan, zamonaviy farmatsevtika va biotexnologiya maydonchalari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari hamda innovatsion ishlab chiqarish obyektlari bilan tanishdi.
Asosiy masalalardan biri O‘zbekistondagi «BioPharma City» va Janubiy Koreyaning tibbiy-farmatsevtika klasterlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri klasterlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Tomonlar R&D infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish, laboratoriyalar va vivariylar faoliyatini takomillashtirish, mutaxassislar tayyorlash hamda kadrlar almashinuvini kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, tomonlar mRNK vaksinalarini ishlab chiqish, onkologiya sohasida tadqiqotlar olib borish, dori vositalarini yetkazib berish tizimlarini yaratish, dorivor o‘simliklar va bioaktiv birikmalarni o‘rganish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi.
Bundan tashqari, muzokaralar ishtirokchilari texnologiyalar transferi, shuningdek, mutaxassislar uchun qo‘shma trening va seminarlar o‘tkazish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar O‘zbekiston farmatsevtika va biotexnologiya sohalarini yana-da rivojlantirishda Koreyaning ilg‘or tajribasidan foydalanishga kelishib oldi.
Shuningdek, «BioPharma City» va Janubiy Koreyaning tibbiy-farmatsevtika klasterlari o‘rtasida qo‘shma ilmiy dasturlarni amalga oshirish hamda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.