Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati Saudiya Arabistoni bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat, energetika, infratuzilma va boshqa sohalarga yangi loyihalarni jalb etishni rejalashtirmoqda.
Hamkorlik istiqbollari viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va saudiyalik tadbirkor Muhammad Abunayyan o‘rtasidagi Er-Riyodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi.
Muzokaralar Bozorovning Saudiya Arabistoniga ishchi tashrifi doirasida o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Nodirjon To‘rg‘unov hamda ishbilarmon doiralar vakillari ham ishtirok etdi.
Muhammad Abunayyan O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashi hamraisi, Acwa kompaniyasi va Vision Invest xoldingi kuzatuv kengashi raisi hisoblanadi.
Tomonlar istiqbolli investitsiya tashabbuslari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari hamda Farg‘ona viloyatining iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildi.
Xayrullo Bozorov so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik energetika, sanoat, infratuzilma va sog‘liqni saqlash sohalarida rivojlanayotganini taʼkidladi.
U hamkorlik natijalaridan biri sifatida Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxona qurilayotganini qayd etdi.
Uchrashuv ishtirokchilarining fikricha, Abunayyan rahbarlik qilayotgan kompaniyalarning xalqaro tajribasi va Farg‘ona viloyatining salohiyati o‘zaro manfaatli loyihalarni yana-da rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.
1950 yilda tashkil etilgan Saudiya Arabistonining Abunayyan Holding xoldingi energetika, suv taʼminoti, neft-gaz va kimyo sanoati, shuningdek, transport sohalarida faoliyat yuritadi. Xoldingning bosh qarorgohi Er-Riyod shahrida joylashgan bo‘lib, uning tarkibi 14 ta strategik biznes bo‘linmasini o‘z ichiga oladi.
Acwa O‘zbekiston iqtisodiyotiga yirik sarmoya kiritayotgan Saudiya Arabistoni kompaniyalari qatoriga kiradi. Kompaniya gaz, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, elektr energiyasini saqlash tizimlarini joriy etish hamda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish loyihalarida ishtirok etmoqda.
Keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, Acwa kompaniyasining O‘zbekistondagi 19 ta loyihaga kiritgan va kiritishni rejalashtirgan investitsiyalarining umumiy hajmi 15 milliard AQSH dollariga yetgan.
Muzokaralar yakunida tomonlar Farg‘ona viloyati va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, yangi investitsiya takliflarini ishlab chiqish hamda erishilgan kelishuvlarni aniq loyihalarga aylantirish zarurligini taʼkidladi.