Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati Saudiya Arabistonining KUNZITE JEWELRY va CHARMANT kompaniyalari bilan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik memorandumini imzoladi.
Uchrashuv Farg‘ona viloyati hokimi Hayrullo Bozorovning Saudiya Arabistoniga ishchi tashrifi doirasida Er-Riyod shahrida bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda KUNZITE JEWELRY kompaniyasi bosh ijrochi direktori Sulton bin Muhammad al-Masari va CHARMANT rahbari Mishʼal al-Debeyan ishtirok etdi.
Tomonlar viloyat zargarlik sanoatiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Hayrullo Bozorov Farg‘ona viloyatining sanoat va investitsiya salohiyati, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berdi.
Milliy zargarlik sanʼati anʼanalarini zamonaviy texnologiyalar va xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport bozorlarini kengaytirish, mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish va ilg‘or ishlab chiqarish amaliyotlarini joriy etish qayd etildi.
Imzolangan memorandum Farg‘ona viloyati zargarlik sanoatida amaliy hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni keyingi bosqichda ishlab chiqishga qaratilgan.