Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan uzum ilk bor Janubiy Koreya bozoriga yetkazib berilmoqda. Quva-Agro Star kompaniyasi mahsulotni zamonaviy qadoqlash formatida eksport qilish bo‘yicha 300 tonna uzum yetkazib berish rejasini tayyorladi.
Eksportga tayyorgarlik doirasida Janubiy Koreya mutaxassislari korxona faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar, uzumni eksportga tayyorlash jarayonlari va uni fumigatsiya qilish tartibi bilan tanishdi. Amalga oshirilgan ishlar yakunlari bo‘yicha yetkazib berish rejasi belgilandi.
Farg‘ona viloyati hokimligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilda viloyatdan umumiy qiymati 97,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 98 664 tonna uzum eksport qilingan. 2026 yilda esa eksport hajmi 63 million dollarlik 80 ming tonnani tashkil etgan.
Janubiy Koreyadan tashqari, Farg‘ona uzumi Yevropa mamlakatlari, Belarus, Xitoy, Rossiya, Iroq, Ukraina va boshqa davlatlarga ham yetkazib berilmoqda.
Janubiy Koreya bozoriga chiqish Farg‘ona viloyati uzumi eksporti geografiyasini kengaytiradi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.