Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjonning Mingachevir sanoat parkida o‘zbek biznesi ishtirokida «Textile Horizon» MCHJning yangi to‘qimachilik klasteri loyihasini amalga oshirish boshlandi.
Ishlab chiqarish majmuasi poydevoriga tamal toshini qo‘yish marosimi 26 sentyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ilhom Aliyev, “Azersheker” MCHJ boshqaruv raisi Nasib Islomzoda hamda O‘zbekistonning Global Textile Group kompaniyasi raisi Musaffar Razakov ishtirok etdi. Ular tugmani bosish orqali yangi korxona qurilishiga start berdi.
«Textile Horizon» MCHJning muassislari Ozarbayjonning “Azersheker” kompaniyasi, O‘zbekistonning «Global Textile» kompaniyasi va Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya fondidan iborat.
Ishlab chiqarish majmuasi 11,2 gektar maydonda joylashadi. Loyiha paxta yetishtirishdan tortib lint, ip-kalava, bo‘yalgan mato va tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish siklini yaratishni nazarda tutadi.
Loyiha O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida to‘qimachilik sohasida investitsiyaviy va sanoat hamkorligini kengaytirish doirasida amalga oshirilmoqda.