Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 29 sentyabr kuni xalqaro reyting agentligi S&P Global Ratings vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar joriy iqtisodiy tendensiyalar, amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi ustuvor vazifalarni muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Uchrashuv davomida tomonlar mamlakat iqtisodiy o‘sishining barqarorligini oshirish, yalpi ichki mahsulot o‘sishi bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish va uzoq muddatli iqtisodiy istiqbollarni taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashdi.
Inflyatsiyani pasaytirish va uning barqaror past darajasini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar fiskal boshqaruv sohasidagi islohotlar va fiskal strategiyani rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Xususan, davlat moliyasini samarali boshqarish, fiskal barqarorlikni mustahkamlash va davlat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvning yana bir yo‘nalishi davlat ishtirokidagi korxonalar va banklarni transformatsiya qilish bo‘ldi. Ishtirokchilar ularning faoliyati samaradorligini oshirish va xususiylashtirish jarayonlarini davom ettirish masalalarini muhokama qildi.
Bundan tashqari, tomonlar xususiy sektorni rivojlantirish va uning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi rolini kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha fikr almashuvni kengaytirishga kelishib oldi.