Iqtisod

O‘zbekiston Kobuldagi ko‘rgazmada o‘z mahsulotlarini namoyish etdi

O‘zbekiston Kobuldagi ko‘rgazmada o‘z mahsulotlarini namoyish etdi
O‘zbekiston Kobuldagi ko‘rgazmada o‘z mahsulotlarini namoyish etdi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 7 oktyabr kuni Kobulda ochilgan Imom Abu Hanifa nomidagi beshinchi milliy va xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasida O‘zbekistondan 200 ga yaqin tadbirkor va ishlab chiqaruvchi ishtirok etmoqda. Tadbir Afg‘oniston Savdo-investitsiya palatasi tomonidan tashkil etilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasiga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Sherzod Ibragimov va Kichik biznes assotsiatsiyasi raisi Muzaffarxon Musayev boshchilik qilmoqda.

O‘zbekistonlik ishtirokchilar turli tarmoqlarga mansub mahsulotlarni «Made in Uzbekistan» milliy stendida namoyish etmoqda.

Ekspozitsiyadan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari, tog‘-kon metallurgiyasi va elektrotexnika majmualari mahsulotlari, qurilish materiallari, avtomobilsozlik sanoati mahsulotlari, tibbiy uskunalar va dori vositalari, to‘qimachilik mahsulotlari hamda tayyor kiyim-kechaklar o‘rin olgan.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik kompaniyalar turizm va taʼlim xizmatlarini ham taqdim etmoqda.

Ko‘rgazma doirasida B2B uchrashuvlari, biznes-forum va savdo muzokaralari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ishtirokchilar afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish va O‘zbekiston mahsulotlarining Afg‘oniston bozoriga yetkazib berilishini ko‘paytirish imkoniyatlarini muhokama qilishni maqsad qilgan.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati mahsulotlariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ekspozitsiyada kuzov qismlari, avtomobil oynasi, faralar, filtrlar, yoqilg‘i baklari, disklar, shinalar, so‘ndirgichlar va boshqa ehtiyot qismlar namoyish etilmoqda. Shuningdek, yengil elektr transport vositalari ham taqdim etilgan.

O‘zbekiston tomoni maʼlumotlariga ko‘ra, namoyish etilayotgan avtomobil mahsulotlari afg‘onistonlik tadbirkorlar va salohiyatli xaridorlarda qiziqish uyg‘otmoqda. Muzokaralar davomida mahsulotlarni Afg‘oniston bozoriga yetkazib berish, shuningdek, dilerlik va distribyutorlik faoliyati sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.

Ko‘rgazmada ishtirok etish o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun Afg‘oniston biznesi vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, yangi hamkorlar topish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish imkoniyati sifatida qaralmoqda.

Imom Abu Hanifa nomidagi beshinchi milliy va xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi Kobulda 13 oktyabrga qadar davom etadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.