Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ko‘p qavatli uylardagi tijorat va boshqa noturar joylarni markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimiga ulash belgilangan talablarga rioya qilingan holda amalga oshirilishi mumkin. Bu haqda “Issiqlikta‘minoti” AJ maʼlum qildi.
Ulanish uchun belgilangan tartibda issiqlik taʼminoti korxonasidan texnik shartlarni olish zarur. Shuningdek, obyektning issiqlik yuklamasi issiqlik taʼminoti shartnomasida ko‘rsatilishi, ulanishning o‘zi esa rasmiylashtirilib, tegishli hujjatlarda aks ettirilishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 194-son qarori bilan tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, noturar joyni isitish uchun to‘lov shartnomada belgilangan issiqlik yuklamasidan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Bunda issiqlik taʼminoti tizimlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish taqiqlanadi.
Agar turar joy noturar joyga o‘tkazilsa, isteʼmolchi yetti kun ichida issiqlik taʼminoti xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzishi, hisobga olish qurilmasini o‘rnatishi va uni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.
Issiq suv taʼminoti bo‘yicha ham alohida talablar mavjud. Agar unga ehtiyoj bo‘lmasa, isteʼmolchi bu haqda yetkazib beruvchini yozma ravishda xabardor qilishi va uzishni rasmiylashtirish uchun uning vakilini taklif qilishi kerak.
Issiq suv taʼminotini qayta tiklash zarur bo‘lganda ham yetkazib beruvchi yozma ravishda xabardor qilinishi lozim.
Issiqlik tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 101-moddasiga muvofiq, bunday ulanish, umumiy foydalanishdagi issiqlik tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzish, issiqlik energiyasini hisobga olish qurilmalari yoki ularning plombalarini qasddan shikastlash, shuningdek, ko‘rsatkichlarni o‘zgartirish maqsadida hisobga olish qurilmalariga aralashish jarima solishga sabab bo‘ladi.
Fuqarolar uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun esa 25 baravaridan 30 baravarigacha belgilangan.
Shuningdek, ko‘p qavatli uyning umumiy issiqlik parametrlariga taʼsir ko‘rsatadigan rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish, avval isitilmagan qo‘shimcha maydonlarga isitish uskunalarini o‘rnatish hamda uyning umumiy mol-mulkiga tegishli issiqlik taʼminoti tizimini mustaqil ravishda o‘zgartirish taqiqlanadi.