Toshkentda 31 ming dollarga viza sotishda gumonlanganlar ushlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda uch nafar xorijiy fuqaroga O‘zbekistonga kirish vizalarini rasmiylashtirib berish vaʼdasi bilan qonunga xilof ravishda 31 200 dollar olganlikda gumonlanayotgan ikki nafar erkak ushlandi. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, 41 yoshli erkak o‘z tanishlari orqali uch nafar xorijiy fuqaroga O‘zbekistonga kirish vizalarini qonunga xilof ravishda rasmiylashtirib berishini aytib, yuqorida ko‘rsatilgan 31 200 dollar mablag‘ni olgan.
U olingan 31 200 dollardan 4 200 dollarini o‘ziga qoldirishni, qolgan 27 ming dollarini esa Toshkent shahrida yashovchi 66 yoshli erkakka berishni rejalashtirgan.
Ikkinchi gumonlanuvchi 27 ming dollarni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Qo‘lga olingan ikki shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.