O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

O‘zbekistonda yangi o‘quv yili boshlandi

Dilafro'z Niyazova · 02.09.2026 · 12:30 · 33 views
O‘zbekistonda yangi o‘quv yili boshlandi
O‘zbekistonda yangi o‘quv yili boshlandi / Foto: Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun, 2 sentyabr kuni, O‘zbekistondagi barcha umumtaʼlim muassasalarida 2026/2027 o‘quv yili boshlandi. Bu yil 795 ming nafardan ziyod bola ilk bor maktab ostonasidan hatladi. Yangi o‘quv yilining boshlanishi O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi nishonlanayotgan davrga to‘g‘ri keldi.

Anʼanaviy «Prezident sovg‘asi» aksiyasi doirasida birinchi sinfga qabul qilingan o‘quvchilarga 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat to‘plamlar tarqatiladi.

Yangi o‘quv yilida O‘zbekistonda 10 225 ta umumtaʼlim maktabi faoliyat yuritmoqda. Ularda 550 ming nafardan ziyod o‘qituvchi 6,7 milliondan ortiq o‘quvchiga taʼlim va tarbiya beradi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova o‘quvchilar, pedagoglar va ota-onalarni Bilimlar kuni hamda yangi o‘quv yili boshlanishi bilan tabrikladi.

Vazir o‘z murojaatida «Birinchi qo‘ng‘iroq» sadolari ostida ilk bor maktab ostonasidan hatlagan bolalarni, shuningdek, ularning ota-onalarini alohida tabrikladi.

Karimova taʼlim tizimini rivojlantirish, jamiyatda o‘qituvchilarning roli va nufuzini oshirish, bolalarning zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablar yangilanmoqda, taʼlim jarayoniga zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Bu esa yosh avlod uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda.

Vazir, shuningdek, o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining xalqaro fan olimpiadalari, tanlovlar, sport va ijodiy musobaqalarda erishayotgan yutuqlarini taʼkidladi. U bitiruvchilarning O‘zbekiston va xorijdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida o‘qishni davom ettirish imkoniyatlariga ham alohida to‘xtaldi.

Karimova yangi o‘quv yilida pedagoglarning fidokorona mehnati, ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi va o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan intilishi yangi yutuqlar uchun asos bo‘lishiga ishonch bildirdi.

U maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilar va ota-onalarga mustahkam sog‘lik, oilaviy farovonlik, o‘qish va mehnat faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab, yangi o‘quv yili muvaffaqiyatli va barakali kelishini bildirdi.