Andijonda erkak yollanma askarlik uchun sudlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati Oltinko‘l tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi O‘zbekiston fuqarosi, 27 yoshli X. G.ni yollanma askarlikda aybdor deb topib, uch yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda sudda ko‘rib chiqilgan jinoyat ishi materiallarida keltirilgan.
Ish materiallariga ko‘ra, erkak 2022 yil dekabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaga borib, Kostromada kuryer bo‘lib ishlagan. 2023 yil may oyida u tashib ketayotgan energetik ichimliklardan giyohvandlik vositalari aniqlanganidan so‘ng qo‘lga olingan. Shu yil avgust oyida Rossiya sudi unga olti yillik qamoq jazosini tayinlagan.
Sudlanuvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra, jazoni o‘tash davrida unga nisbatan jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazilgan. 2025 yilda erkak Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan va boshqa mahbuslar bilan birga Voronej viloyatidagi harbiy qismga olib borilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shartnoma tuzgani uchun unga 3 mln Rossiya rubli to‘lash vaʼda qilingan, biroq amalda 400 ming rubl olgan. Tayyorgarlikdan so‘ng u boshqa harbiy xizmatchilar bilan birga Lugansk viloyatiga yuborilgan. U yerda erkak 21 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, keyin shturm rotasi tarkibida janglarda ishtirok etgan.
2025 yil dekabr oyida uning yaqinida uchuvchisiz uchish apparati portlagan. Natijada erkak boshidan og‘ir jarohat olgan va Moskva viloyatidagi harbiy gospitalga olib borilgan.
Sudlanuvchining aytishicha, janglarda ishtirok etgani uchun unga har oy 205 ming Rossiya rubli to‘langan. Gospitalga yotqizilishidan oldin jarohat uchun kompensatsiya rasmiylashtirish zarurligini bildirib, o‘zbek pasportini qaytarib olgan.
2026 yil yanvar oyida X. G. zarur buyumlarni xarid qilish uchun gospitaldan chiqishga ruxsat so‘ragan. Shundan so‘ng u Domodedovo aeroportiga borib, chipta sotib olgan va shu kuni Moskva–Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga uchib kelgan.
Keyinchalik erkak Andijon ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Uning telefonida harbiy harakatlarda ishtirok etganini tasdiqlovchi materiallar aniqlangan. Ushbu materiallar sudga taqdim etilgan.
Sud muhokamasi davomida sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lib, suddan yengillik so‘ragan.
Sud X. G.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanma askarlik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga umumiy tartibdagi koloniyada o‘tash sharti bilan uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.