Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan 17–18 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Shundan so‘ng u Tojikiston va Rossiyaga yo‘l olib, ko‘p tomonlama va ikki tomonlama uchrashuvlarda ishtirok etadi. Bu haqda “Sinxua” agentligi Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakiliga tayanib xabar berdi.
Li Syanning O‘zbekistonga tashrifi Bosh vazir Abdulla Aripovning taklifiga binoan amalga oshiriladi.
18–20 oktyabr kunlari Xitoy hukumati rahbari Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda taklifiga binoan ushbu mamlakatda bo‘ladi. U yerda Li Syan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar hukumat rahbarlari kengashining 25-yig‘ilishida ishtirok etadi.
20–22 oktyabr kunlari Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustinning taklifiga binoan Rossiyaga tashrif buyuradi. Tashrifning asosiy tadbiri Xitoy va Rossiya hukumat rahbarlarining 31-navbatdagi muntazam uchrashuvi bo‘ladi.