Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Iordaniya parlamentlararo hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Iordaniya parlamentlararo hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Iordaniya parlamentlararo hamkorlikni kengaytiradi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Arushada O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Vakillar palatasi Raisining birinchi o‘rinbosari Xamis Atiye bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, maʼnaviy va madaniy qadriyatlarning yaqinligiga asoslangani taʼkidlandi. Uchrashuv ishtirokchilarining fikricha, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam muloqot hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun asos yaratmoqda.

Parlamentlararo aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yil fevral oyida Iordaniya Senati Raisi Faysal al-Fayezning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki mamlakat senatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi parlamentlararo muloqotni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan tomonlar parlamentlararo hamkorlik guruhlari va sohaviy qo‘mitalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, qo‘shma yo‘l xaritasini ishlab chiqish hamda davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlarning ko‘magini taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv ishtirokchilari sanoat kooperatsiyasi, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, logistika va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashdi.

Taʼlim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish muhimligi alohida taʼkidlandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.