Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Afrika Ittifoqi huzuridagi ilk doimiy vakilini tayinladi. Mamlakatning Qatar, Janubiy Afrika Respublikasi va Efiopiyadagi elchisi Ashraf Xo‘jayev Afrika Ittifoqi Komissiyasi raisi Mahmud Ali Yusufga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Afrika Ittifoqi qitʼaning 55 ta davlatini birlashtiradi. Doimiy vakilning tayinlanishi O‘zbekistonning ushbu tashkilot va unga aʼzo mamlakatlar bilan hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashishi kutilmoqda.
Marosimdan so‘ng tomonlar suhbat o‘tkazib, do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Uchrashuv ishtirokchilari madaniy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish rejalarini ham muhokama qildilar.