Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Jahon banki guruhi iqtisodiy o‘sish, xususiy investitsiyalarni jalb etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish istiqbollarini muhokama qildi. Ushbu masalalar 16 oktyabr kuni Bangkokda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan uchrashuvida ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining yillik yig‘ilishlari doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligining Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi xabar berdi.
Muzokaralarda Jahon bankining operatsion masalalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Berde, Xalqaro moliya korporatsiyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Imad Faxuri, O‘zbekiston Markaziy banki raisining o‘rinbosari Nodirbek Ochilov, iqtisodiyot va moliya vazirining maslahatchisi Jasur Qarshiboyev hamda boshqa vakillar ham ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekistondagi makroiqtisodiy tendensiyalar, amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi va Jahon banki guruhi bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan yo‘nalishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, infratuzilma va energetika, agrobiznes, sog‘liqni saqlash va turizmni rivojlantirish, shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan AgriConnect tashabbusi hamda suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan Water Compact dasturi ham alohida muhokama mavzulari bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va ko‘rib chiqilgan yo‘nalishlardagi tashabbuslarni kengaytirishga kelishib oldi.