Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiyaning Saratov viloyati va O‘zbekiston savdo-iqtisodiy hamda gumanitar hamkorlikni kengaytirish niyatida.
Ushbu masalalar viloyat gubernatori Roman Busarginning O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov bilan uchrashuvida muhokama qilindi.
Busarginning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda Saratov viloyatining O‘zbekiston bilan tashqi savdo aylanmasi 2,4 barobarga oshgan.
Viloyat eksporti 2,3 barobarga o‘sgan. 2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra esa eksport hajmi qariyb 12 foizga ko‘paygan.
Saratov viloyatidan yetkazib berilayotgan mahsulotlar tarkibida qora metallar, o‘g‘itlar, noorganik kimyo mahsulotlari, shuningdek, yog‘ va moy mahsulotlari ustunlik qiladi.
Gubernator turli tarmoqlarda yangi ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun salohiyat mavjudligini taʼkidladi. Jumladan, 2026 yilning noyabr–dekabr oylarida teplovoz dvigatellari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan qo‘shma korxonani ochish rejalashtirilgan.
Tomonlar sanoat, savdo va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda.
Busarginning taʼkidlashicha, gumanitar hamkorlik ham istiqbolli yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Bu, jumladan, xorijiy universitetlar bilan hamkorlik tajribasiga ega bo‘lgan yirik mintaqaviy oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni ham qamrab oladi.
Uchrashuvda Saratov viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi mavjud hamkorlik natijalari hamda aloqalarni yana-da kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.