Iqtisod

Toshkent metropoliteni yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha rekord o‘rnatdi

Toshkent metropoliteni yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha rekord o‘rnatdi
Toshkent metropoliteni yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha rekord o‘rnatdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent metropoliteni 28 sentyabr kuni bir sutkada tashilgan yo‘lovchilar soni bo‘yicha yangi tarixiy maksimumni qayd etdi.

Bir sutka davomida metropoliten xizmatlaridan 1 200 124 nafar yo‘lovchi foydalandi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi ko‘rsatkich Yo‘l harakatini tashkil etish markazi maʼlumotlariga ko‘ra, 21 sentyabr kuni qayd etilgan 1,18 million nafarlik avvalgi rekorddan qariyb 20 ming yo‘lovchiga ko‘p bo‘ldi.

Yangi ko‘rsatkich qayd etilgani munosabati bilan metropoliten xodimlari bir kunda metro xizmatidan 1 200 000-nafarinchi bo‘lib foydalangan yo‘lovchini aniqlash tadbirini tashkil qildi.

Eʼlon qilingan videolavhalarga ko‘ra, bu yo‘lovchi «Xalqlar do‘stligi» bekatida metroga kirgan qiz bo‘lgan.

Yo‘lovchiga esdalik sovg‘asi hamda bir yil davomida bepul yo‘l haqidan foydalanish huquqini beruvchi transport kartasi topshirildi.

Metropolitenda qayd etilishicha, yangi rekord poytaxt aholisi va mehmonlari tomonidan yerosti transporti xizmatlariga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Tashkilot yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qulayligi, xavfsizligi va tezkorligini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini bildirdi.

Shu bilan birga, Toshkent jamoat transporti orasida bir sutkada tashilgan yo‘lovchilar soni bo‘yicha mutlaq maksimum hozircha avtobuslar hisobiga to‘g‘ri keladi.

15 sentyabr kuni avtobuslar 1 520 113 nafar yo‘lovchini tashidi. Bu ko‘rsatkich 2025 yil fevral oyida o‘rnatilgan avvalgi rekorddan 7,8 foizga yuqori bo‘lgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.