Iqtisod

O‘zbekiston va Jazoir konchilik sohasida hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston va Jazoir konchilik sohasida hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston va Jazoir konchilik sohasida hamkorlikni muhokama qildi / Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 5 oktyabr kuni Jazoir konchilik sanoati vaziri Murod Xanifiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar konchilik va metallurgiya sohalarida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

Muzokaralar davomida geologiya va geologik qidiruvlar, shuningdek, investitsiyaviy va institutsional hamkorlik sohalarida o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Texnologiyalar transferi va zamonaviy geologik modellashtirish usullarini joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar litiy, tantal, niobiy va boshqa noyob elementlar istiqbolli konlarini birgalikda o‘rganish, shuningdek, soha uchun mutaxassislar tayyorlash masalalarini ham muhokama qildilar.

Uchrashuv ishtirokchilari turli metallarni mahalliy qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Bundan tashqari, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari bilan tajriba almashish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tomoni bo‘lajak hukumatlararo komissiya doirasida sohaviy ishchi guruh tuzish va idoralararo kelishuv tayyorlashni taklif qildi.

Taklif etilayotgan mexanizmlar ikki mamlakatning geologiya, mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash sohalaridagi amaliy hamkorligini yana-da rivojlantirish uchun asos yaratishi kerak.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.