Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati shaharlarni ko‘kalamzorlashtirishni rivojlantirish va «Yashil makon» ekologik loyihasini amalga oshirishda Turkiyaning Bayındır Kurumsal Hizmetler kompaniyasi tajribasidan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Hamkorlik istiqbollarini viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda kompaniya bosh direktori Ismail Haqqi Bayindir boshchiligidagi delegatsiya muhokama qildi.
Uchrashuvda mahalliy iqlim sharoitiga moslashgan gullar va mevali daraxtlarni yetishtirish, shuningdek, landshaft dizayni va shahar infratuzilmasini obodonlashtirishda Turkiya tajribasini joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
O‘rik, shaftoli va gilos ko‘chatlarini yetishtirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, shuningdek, intensiv bog‘lar barpo etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilarining fikricha, ushbu yo‘nalishlar viloyatni ko‘kalamzorlashtirish va «Yashil makon» tashabbusini amalga oshirishga hissa qo‘shishi mumkin.
Xayrullo Bozorov viloyatda turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilayotganini taʼkidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Hokimlik maʼlumotiga ko‘ra, Farg‘onada muhokama qilingan loyihalar bo‘yicha dastlabki ishlar boshlangan.
Turkiyadan gullar va mevali daraxtlarni olib kelish, shuningdek, o‘simliklarni parvarishlash usullarini namoyish etgan holda ko‘rgazmali ekish ishlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni kelishib oldilar.