Shoshilinch
Iqtisod

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya savdo hamda investitsiyalarni muhokama qildi

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya savdo hamda investitsiyalarni muhokama qildi
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya savdo hamda investitsiyalarni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 9 oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston — Buyuk Britaniya qo‘shma iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Buyuk Britaniya savdo masalalari bo‘yicha davlat vaziri Anas Sarvar hamraislik qildi.

Muhokamalarning asosiy mavzularidan biri ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar bo‘ldi. 2026 yilning yanvar–avgust oylarida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 12,6 foizga oshib, qariyb 250 million dollarga yetdi.

Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston mahsulotlarining Britaniya bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Xususan, Britaniyaning DCTS savdo preferensiyalari tizimidan foydalanish, sertifikatlash tartib-taomillarini soddalashtirish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish va O‘zbekiston mahsulotlarini Buyuk Britaniya savdo tarmoqlarida ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, 46 ta loyihani amalga oshirish va UK Export Finance ishtirokida moliyalashtirishni jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Kun tartibidan Toshkent xalqaro moliya markazini rivojlantirish, elektrotexnika, muhim minerallar, farmatsevtika va transport mashinasozligi sohalarida sanoat hamkorligini kengaytirish masalalari ham o‘rin oldi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Qo‘mita ikkinchi yig‘ilishining bayonnomasini imzoladi.

Hujjatda savdo, investitsiyalar, sanoat, raqamli texnologiyalar, moliya va sog‘liqni saqlash sohalarida erishilgan kelishuvlar mustahkamlab qo‘yildi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.