Shoshilinch
O‘zbekiston

Oʻzbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Oʻzbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Oʻzbekiston – Britaniya iqtisodiy qoʻmitasining ikkinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Buyuk Britaniyaning savdo boʻyicha davlat vaziri lord Anas Sarvarni qabul qildi.

Suhbat avvalida lord Sarvar davlatimiz rahbariga Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Byornemning samimiy salomi va maxsus maktubini yetkazdi.

Oʻzaro manfaatli sheriklikni, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, barcha darajalardagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xavfsizlik sohasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda. Mamlakatimizda 260 ta qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

London fond birjasida Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasining ilk IPOsi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Moliya sohasida “Standard Chartered” banki, neft-gaz tarmogʻida esa “British Petroleum” kompaniyasi faol ish olib bormoqda.

Uchta qoʻshma oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi, Kembrij universiteti bilan hamkorlikda Prezident maktablari ishga tushirildi. Britaniyalik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.

Infratuzilmani rivojlantirish, energetika, moliya, geologiya, transport, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda yangi loyihalarni ilgari surish, buni, jumladan, Britaniya eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF) ishtirokida amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Buyuk Britaniya tomoni Toshkent shahrida “ingliz huquqi” tamoyillari asosida ishlaydigan Xalqaro moliya markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.