Iqtisod

O‘zbekistonda reklama uchun uch karra tarifni bekor qilish taklif etildi

O‘zbekistonda reklama uchun uch karra tarifni bekor qilish taklif etildi
O‘zbekistonda reklama uchun uch karra tarifni bekor qilish taklif etildi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda tashqi reklama va axborot konstruksiyalari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish tartibini o‘zgartirish taklif etilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida bunday obyektlar, shuningdek, illyuminatsiya va yorug‘lik girlyandalari uchun amaldagi uch karra oshiruvchi koeffitsiyentdan voz kechish nazarda tutilgan. Hujjat 14 oktyabrga qadar davom etadigan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Hozirda tashqi reklama va axborot konstruksiyalari uchun elektr energiyasi haqini hisoblashning maxsus tartibi amal qiladi. Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 81-bandiga muvofiq, isteʼmol 24 soat davomida o‘rnatilgan quvvatdan foydalanish asosida yoki alohida hisobga olish asbobi ko‘rsatkichlari bo‘yicha aniqlanadi.

Bunda elektr energiyasi qiymati II tarif guruhi tarifiga 3 koeffitsiyentini qo‘llagan holda hisoblanadi. Ushbu guruhning 1 iyundan amal qilayotgan bazaviy tarifi 1 kVt·soat uchun 1100 so‘mni tashkil etadi.

Loyiha ishlab chiquvchilari amaldagi Qoidalardan 81-bandni chiqarib tashlashni taklif qilmoqda. Bu reklama konstruksiyalari tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi uchun qo‘shimcha uch karra tarif oshirilishisiz odatiy to‘lov tartibini qo‘llash imkonini beradi.

O‘zgarishlar tashqi reklama va axborot konstruksiyalarining turli xillariga, jumladan, videekranlar, elektron displeylar, mediafasadlar va boshqa texnik vositalarga taalluqli bo‘ladi. Yangi qoidalarni illyuminatsiya va yorug‘lik girlyandalariga ham tatbiq etish taklif qilinmoqda.

Loyihada byudjet tashkilotlari va byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarga amaldagi uch karra koeffitsiyent tatbiq etilmasligi alohida qayd etilgan.

Hujjatda boshqa takliflar ham mavjud. Xususan, tadbirkorlarga yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishda aniqlangan qoidabuzarliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish imkoniyatini berish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, texnogen xavfi yuqori bo‘lgan zonalarning kadastr pasportini rasmiylashtirish jarayonini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish taklif qilinmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.