Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 14–16 oktyabr kunlari Toshkentda «Xitoy — Markaziy Osiyo (O‘zbekiston) 2026» savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Xitoy xalqaro savdoga ko‘maklashish qo‘mitasi (CCPIT) xabar berdi.
Ko‘rgazmada Xitoyning 200 ga yaqin kompaniyasi, jumladan, yuqori texnologiyali korxonalar va rivojlanayotgan tarmoqlar vakillari o‘z mahsulotlarini namoyish etadi.
Ko‘rgazma Tashkent International Exhibition Center ko‘rgazma markazining 3 va 4-pavilyonlarida tashkil etiladi. U har kuni soat 10:00 dan 17:00 gacha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi. Tadbir tashkilotchisi — CCPIT. Ko‘rgazma Toshkentda yana bir bor o‘tkazilmoqda.
Ekspozitsiya Markaziy Osiyo bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda shakllantirilgan to‘rtta ixtisoslashtirilgan hududga bo‘linadi. Ular aqlli ishlab chiqarish, yashil energetika, isteʼmol elektronikasi va xizmatlar savdosi yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Ko‘rgazma dasturidan O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari ishtirokchilari hamda Xitoy kompaniyalari o‘rtasidagi ishbilarmonlik muzokaralari, shuningdek, mintaqa bozoriga bag‘ishlangan tarmoq forumlari o‘rin olgan.
Tashkilotchilar ko‘rgazma doirasida sanoat, energetika, texnologiyalar va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda.