Iqtisod

O‘zbekistonga II chorakda pul o‘tkazmalari $5,5 mlrdga yetdi

O‘zbekistonga II chorakda pul o‘tkazmalari $5,5 mlrdga yetdi
O‘zbekistonga II chorakda pul o‘tkazmalari $5,5 mlrdga yetdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning II choragida mehnat migrantlarining O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,1 foizga oshib, 5,5 mlrd dollarni tashkil etdi. I chorakda esa ularning hajmi 12,9 foizga o‘sib, 3,8 mlrd dollarga yetgan. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki xabar berdi.

Maʼlumotlar 2026 yil II chorak uchun mehnat bozori sharhida keltirilgan. Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, bir yil avval I chorakda pul o‘tkazmalari 3,4 mlrd dollar, II chorakda esa 4,9 mlrd dollar bo‘lgan. Shu tariqa, 2026 yilning birinchi yarmida mamlakatga qariyb 9,3 mlrd dollar kelib tushgan. Markaziy bank qayd etganidek, pul o‘tkazmalari o‘sish surʼatlari 2025 yilning birinchi yarmiga nisbatan biroz pastroq bo‘lsa-da, yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Qozog‘istondan pul o‘tkazmalari eng tez o‘smoqda

Pul o‘tkazmalarining mamlakatlar bo‘yicha diversifikatsiyasi davom etmoqda. 2026 yil yanvar–iyun oylarida eng yuqori o‘sish Qozog‘istondan kelgan pul o‘tkazmalarida qayd etildi — yillik hisobda 28,2 foiz. AQSHdan o‘tkazmalar 18,8 foizga, Turkiyadan 14,2 foizga, Janubiy Koreyadan 11,4 foizga oshdi. Boshqa mamlakatlardan kelib tushgan mablag‘lar jami 44,4 foizga ko‘paydi.

Rossiyada ishlayotgan migrantlardan kelgan pul o‘tkazmalari 8,8 foizga oshdi, yaʼni boshqa yo‘nalishlarning aksariyatiga nisbatan sekinroq o‘sdi.

Rossiyaga ishlash uchun borayotgan migrantlar kamaymoqda

Pul o‘tkazmalari tarkibidagi o‘zgarishlar mehnat migratsiyasidagi siljishlarni aks ettirmoqda. 2026 yil yanvar–iyun oylarida 1,18 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 13,2 foizga kam. 2025 yilning birinchi yarmida Rossiyada patent asosida ishlagan O‘zbekiston fuqarolari soni bilan solishtirganda, ko‘rsatkich 9,2 foizga pasaygan.

Ayni paytda Turkiya, Janubiy Koreya, Yevropa va AQSHda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari soni ortib bormoqda. 2024 yilda ushbu hududlardagi ularning umumiy soni 10,1 foizga, 2025 yilda esa 8 foizga ko‘paygan va o‘tgan yil oxiriga kelib qariyb 320 ming nafarga yetgan.

Asosiy o‘sish Yevropa va Turkiya hisobiga to‘g‘ri kelgan. 2025 yilda Yevropa Ittifoqidagi O‘zbekistondan borgan migrantlar soni 13,2 foizga, Turkiyada esa 10,7 foizga oshgan. 2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, Turkiyada 70 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan, bu bir yil avvalgiga nisbatan 9,3 foizga ko‘p. Janubiy Koreyada esa ularning soni 102,2 ming nafarni tashkil etgan va 3,3 foizga o‘sgan.

Mehnat bozori va daromadlarga taʼsiri

Markaziy bank bahosiga ko‘ra, Rossiyaga mehnat migratsiyasining qisqarishi ichki mehnat bozorida ishchi kuchi taklifini oshiradi. Bu ayrim tarmoqlarda ish haqi o‘sishining sekinlashishiga va ish beruvchilarning mehnatga haq to‘lash xarajatlarining nisbatan kamayishiga olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga, regulyator taʼkidlaganidek, ayrim hududlardan migratsiyaning qisqarishi ushbu hududlarga kelib tushadigan pul o‘tkazmalari kamayishiga olib kelishi mumkin. Bu esa xonadonlar daromadlari va isteʼmol talabiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.