Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yil noyabr oyida muhtoj oilalarning har biriga bir martalik 1 mln so‘m miqdorida moddiy yordam to‘lash rejalashtirilmoqda. Ushbu yordam jami 1 mln 17 ming oilani qamrab oladi.
Mazkur chora qish mavsumida isitish va energetika resurslari uchun xarajatlar ortishi davrida xonadonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, hukumat markazlashtirilgan isitish tizimidan foydalanadigan oilalar uchun davlat yordamini olish mezonlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Moddiy yordam olish uchun daromadning yuqori chegarasini Toshkent shahrida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (MHTEKM) uch baravarigacha, mamlakatning boshqa hududlarida esa ikki baravarigacha belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiyalar amal qilish muddatini 2028 yil 1 aprelga qadar uzaytirish nazarda tutilgan.
Gazlashtirilmagan yoki gaz tarmoqlariga ulanish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchilar uchun isitish mavsumida elektr energiyasi isteʼmolining bazaviy meʼyorini oshirish rejalashtirilmoqda. Uni amaldagi 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatgacha ko‘tarish taklif etilgan.
Qo‘shimcha choralar turar joylarning energiya samaradorligini oshirishni ham qamrab oladi. 2027–2028 yillarda yana 3 ming nafar muhtoj oilaning yashash sharoitini yaxshilash rejalashtirilmoqda.
Buning uchun uylarni issiqlik izolyatsiyasi bilan taʼminlash, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Ushbu chora-tadbirlar majmuasi kam taʼminlangan oilalarning energetika resurslari uchun xarajatlarini kamaytirish, turar joylarning energiya samaradorligini oshirish va manzilli ijtimoiy yordam qamrovini kengaytirishga qaratilgan.