Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda pensiya xizmatlarini raqamlashtirish ko‘lami kengaytirilmoqda. 2027 yildan Pensiya jamg‘armasi fuqarolardan hujjatlar va maʼlumotlarni qog‘oz shaklida qabul qilishni to‘xtatadi, ayrim pensiya to‘lovlari esa fuqarolarning murojaatisiz tayinlanadi.
2027 yil 1 yanvardan Pensiya jamg‘armasi fuqarolardan hujjatlar va maʼlumotlarni qog‘oz shaklida qabul qilmaydi.
Bunda 2026 yil 1 noyabrdan ishsiz deb topilgan shaxslarga muddatidan oldin pensiya proaktiv tarzda, yaʼni fuqaroning ariza berishi talab etilmagan holda tayinlanadi. 2027 yil 1 yanvardan ushbu mexanizm boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashda ham qo‘llaniladi.
2027 yil boshidan fuqarolar «Mening pensiyam» onlayn xizmati orqali o‘z pensiyasi haqidagi maʼlumotlarni oldindan olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Keyinchalik boshqa pensiya xizmatlarini ham elektron shaklda ko‘rsatish rejalashtirilgan. Jumladan, fuqarolar imtiyozli pensiyani rasmiylashtirish, pensiya to‘lovlarini naqd pulda olishga o‘tkazish, to‘xtatib qo‘yilgan to‘lovlarni tiklash, pensiyadan ushlab qolingan mablag‘lar va ixtiyoriy ravishda to‘langan ijtimoiy soliq haqida maʼlumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, yashash joyi o‘zgargan taqdirda pensiya hujjatlarini yangi manzil bo‘yicha hisobga qo‘yishni ham onlayn amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlayotgan fuqarolarning mehnat stajini hisobga olish tartibiga ham ayrim o‘zgartishlar kiritiladi.
2026 yil 1 oktyabrdan belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, bunday fuqarolarga bir yillik mehnat staji avtomatik ravishda hisoblab beriladi.
Agar fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosidagi faoliyat uchun yil davomida to‘langan ijtimoiy soliqning umumiy miqdori o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan ijtimoiy soliq miqdoridan kam bo‘lmasa, bir yillik mehnat staji avtomatik ravishda hisobga olinadi. Buning uchun qo‘shimcha ijtimoiy soliq to‘lash talab etilmaydi.
2027 yil 1 yanvardan rasmiy daromadga ega bo‘lgan fuqarolar uchun yana bir imkoniyat yaratiladi. Ular ishlamaydigan oila aʼzosi uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin bo‘ladi. Bu orqali kelgusida mazkur shaxsga ham mehnat staji hisoblanishi taʼminlanadi.
Buning uchun har oyda minimal ish haqi miqdorining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash talab etiladi.
Fuqarolar to‘langan mablag‘lar va shakllangan mehnat staji haqidagi maʼlumotlarni mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.
Shu tariqa, yangi choralar qog‘oz hujjat aylanmasidan elektron hamkorlikka o‘tish, pensiyaning ayrim turlarini proaktiv tarzda tayinlashni kengaytirish hamda pensiya huquqlari haqidagi maʼlumotlarni masofadan turib olish imkoniyatini nazarda tutadi.