Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tashkent Content Market (TCM) 2 oktyabr kuni Bokuda bo‘lib o‘tgan CICA Media Forum doirasida xalqaro media hamjamiyatiga taqdim etildi.
Yangi platforma taqdimoti Ozarbayjon Media va teleradiotranslyatsiya kengashi ko‘magida o‘tkazildi. Tadbirda Ozarbayjon media sanoati vakillari hamda xalqaro forum ishtirokchilari qatnashdi.
Tashkent Content Market O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan kontentni xalqaro bozorda ilgari surish uchun maydon sifatida tashkil etilgan. Platforma televideniye, kino, hujjatli, ko‘ngilochar va raqamli kontentga yo‘naltirilgan.
TCM doirasida o‘zbekistonlik kontent ishlab chiqaruvchilar o‘z loyihalarini xorijiy telekanallar, raqamli platformalar va prodyuserlik kompaniyalariga taqdim etish, shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tashkent Content Market ishtirokchilari qatorida Amazon MGM Studios, BBC Studios, CNN, Sony, Netflix, YouTube, Warner Bros., ZDF, Canal+ va TF1 kabi yirik xalqaro media kompaniyalar va platformalar qayd etilgan.
Platforma O‘zbekiston kontent ishlab chiqaruvchilarining xorijiy auditoriya va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Kelgusida Tashkent Content Market‘ni Markaziy Osiyoning yirik kontent platformalaridan biri sifatida rivojlantirish rejalashtirilgan.
U turli mamlakatlar telekanallari, prodyuserlari, distribyutorlari va kontent huquqi egalarini yagona maydonda birlashtirishi ko‘zda tutilmoqda.
Tashkent Content Market‘da ishtirok etish haqidagi maʼlumotlar tcm.uz saytida mavjud.