Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi. Muhokama Tibbiyot va farmatsevtika sohalarini rivojlantirish agentligida bo‘lib o‘tgan «Pharma Uzbekistan & Central Asia» beshinchi xalqaro kongressi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlardan farmatsevtika hamda tibbiyot sohalarining 150 dan ortiq vakili, jumladan, ishlab chiqaruvchilar, regulyatorlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va investorlar ishtirok etdi.
Kongress davomida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov mahsulotlarning sifati va xavfsizligini taʼminlash, xalqaro standartlarni joriy etish hamda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, farmatsevtika sohasi faol transformatsiya jarayonidan o‘tmoqda. Bu jarayonning muhim yo‘nalishlari sifatida yangi ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish, amaldagi korxonalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalar va raqamli yechimlarni joriy etish qayd etildi.
Shu bilan birga, tadbirda taʼkidlanganidek, har bir yangi ishlab chiqarish loyihasining markazida inson salomatligi va bemorlar xavfsizligi turishi kerak. Dori vositalarining sifati, xavfsizligi va samaradorligi farmatsevtika sohasining barqaror rivojlanishi uchun asosiy shartlar sifatida qayd etildi.
Kongress ishtirokchilari O‘zbekistonda farmatsevtika sektorini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan islohotlar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Dori vositalarining muomalasi sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va mahsulotlarni ishlab chiqarishdan tortib realizatsiya qilishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda nazoratni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, farmakonadzor va ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyingi nazorat tizimlarini yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Kongress yakunida ishtirokchilar farmatsevtika sanoatining raqobatbardoshligini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqada dori vositalarini ishlab chiqarishning zamonaviy va xavfsiz tizimini shakllantirishda tajriba almashish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar.