Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Belarus parlamentlari vakillari Belarus delegatsiyasining Xivaga tashrifi hamda ikki tomonlama tadbirlar majmuasini o‘tkazishga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.
Onlayn yig‘ilish 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi A. Agzamxo‘jayev hamda Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari I. Brilevich raisligida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
Ishtirokchilar Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova boshchiligidagi delegatsiyaning 2026 yil 29–30 sentyabr kunlari Xivaga tashrifi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqdi. O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumi, biznes-forum va milliy mahsulotlar ko‘rgazmasini o‘tkazishga tayyorgarlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Muhokamada ikki mamlakat parlamentlari, vazirlik va idoralari vakillari, shuningdek, mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirok etdi.
Tashrif doirasida parlamentlar rahbarlarining uchrashuvi, parlamentlararo komissiyaning uchinchi yig‘ilishi, yoshlar parlamentlari uchrashuvi hamda mahalliy vakillik organlari vakillarining yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi va gumanitar hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha seksiya yig‘ilishlari, to‘rtinchi O‘zbekiston-Belarus xotin-qizlar biznes-forumi hamda tadbirkorlik subyektlari mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilish ishtirokchilari har bir tadbirni mazmunli tayyorlash va aniq natijalarga erishish zarurligini taʼkidladi. Xususan, yangi loyihalarni shakllantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida imzolanishi rejalashtirilayotgan ikki tomonlama hujjatlar va kelishuvlar paketini tayyorlash bo‘yicha vazifalar ham alohida belgilab olindi. Ularni tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha kelishish va amaliy kelishuvlar bilan to‘ldirish nazarda tutildi.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish, tadbirlar dasturi va mavzularini yakuniy shakllantirish, shuningdek, masʼul vazirlik va idoralar ishini muvofiqlashtirishni o‘z ichiga olgan tashkiliy-texnik masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha rejalashtirilgan tadbirlarni o‘z vaqtida tayyorlash hamda Belarus delegatsiyasining Xivaga tashrifi davomida amaliy natijalarni taʼminlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.