Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Germaniya Bundestagi deputatlari Peter Felzer va Kristof Birgxanni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston–Germaniya munosabatlarining bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish va umumiy loyihalarni amalga oshirishda parlamentlararo muloqot muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.
Germaniyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligini kengaytirish, shuningdek, ilm-fan va taʼlim sohalaridagi sheriklikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Germaniya parlamentariylari O‘zbekistonning mintaqadagi rolini yuqori baholab, uning geografik joylashuvi, iqtisodiy salohiyati va inson kapitaliga alohida urg‘u berdi. Ular Germaniyaning Toshkent bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ham tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish va muntazam aloqalarni saqlab qolishga tayyor ekanini bildirdi.