O‘zbekiston

Toshkent viloyati va Kyongido tibbiyotda hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent viloyati va Kyongido tibbiyotda hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent viloyati va Kyongido tibbiyotda hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Toshkent viloyati hokimiyati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati va Janubiy Koreyaning Kyongido provinsiyasi sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. O‘zbekiston delegatsiyasining Kyongidoga tashrifi doirasida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va provinsiyaning yetakchi tibbiy muassasalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha uchta memorandum imzolandi.

 

Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov boshchiligidagi delegatsiya 7–11 sentyabr kunlari Kyongidoda bo‘ldi. Tashrif davomida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi vakillari zamonaviy tibbiy muassasalar tajribasini o‘rganib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Delegatsiya Sent-Vinsent gospitali, Koryo universitetining Ansan gospitali, Sixva tibbiyot markazi hamda tibbiy uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan markazlarga tashrif buyurdi.

O‘rganilgan yo‘nalishlar qatorida sunʼiy intellekt va intellektual tibbiyot, robotlashtirilgan onkologiya, zamonaviy diagnostika, yurak-qon tomir kasalliklarini davolash, tibbiy texnologiyalar va mutaxassislar tayyorlash masalalari bo‘ldi.

«Kyongido — O‘zbekiston» biznes-forumida Toshkent viloyatidagi Nurafshon tibbiy klasteri konsepsiyasi taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilar Janubiy Koreya tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildi.

«Kyongido — O‘zbekiston tibbiyoti istiqbollari» forumi doirasida Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Kyongido provinsiyasining yetakchi tibbiy muassasalari o‘zaro hamkorlik bo‘yicha uchta memorandumni imzoladi.

Kelishuvlar Nurafshon shahridagi Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyatini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik mutaxassislarni Kyongidoning yetakchi tibbiy muassasalarida neyroxirurgiya, kardioxirurgiya, neonatal xirurgiya, transplantologiya, angioxirurgiya, umurtqa va bo‘g‘imlarni protezlash, shuningdek, onkologiya yo‘nalishlarida bepul malaka oshirish dasturlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Tomonlar, shuningdek, Toshkent viloyatida koreyalik mutaxassislar ishtirokida o‘rta tibbiyot xodimlari uchun sayyor o‘quv kurslarini o‘tkazishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, 2027 yilda hududda Kyongido provinsiyasining yetakchi tibbiy muassasalari professorlari ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.