O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Toshkentda tirbandlik vaqtida O‘zDJTUga avtobus qatnaydi

Dilafro'z Niyazova · 07.09.2026 · 10:40 · 47 views
Toshkentda tirbandlik vaqtida O‘zDJTUga avtobus qatnaydi
Toshkentda tirbandlik vaqtida O‘zDJTUga avtobus qatnaydi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda 7 sentyabrdan «Mirzo Ulug‘bek» metro bekati — O‘zDJTU yo‘nalishi bo‘yicha vaqtinchalik avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

U yangi 2026/2027 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan talabalarga qulaylik yaratish va shahar transportiga tushadigan yuklamani kamaytirish maqsadida tashkil etiladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar berdi.

Qo‘shimcha avtobuslar ertalabki tirbandlik vaqtida, yaʼni soat 07:00 dan 08:00 gacha harakatlanadi. Yo‘nalishda yo‘lovchi sig‘imi katta bo‘lgan to‘rtta avtobus jalb etiladi.

Tashish ishlarini poytaxt hokimligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Transport vazirligi hamkorlikda tashkil etadi. Vaqtinchalik yo‘nalishning joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad metro tizimidagi yo‘lovchilar oqimini kamaytirish, shuningdek, yo‘llarda tirbandliklarning oldini olishdan iborat.

Yo‘nalish «Mirzo Ulug‘bek» metro bekatidan boshlanadi. Shundan so‘ng avtobuslar Taxtag‘ul ko‘chasi, Kichik halqa avtomobil yo‘li, Lutfiy va Ko‘kcha Darvoza ko‘chalari orqali harakatlanib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti joylashgan Zakovat ko‘chasiga chiqadi.

Vaqtinchalik yo‘nalish o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan jamoat transportiga talab oshishi kutilayotgan ertalabki soatlarda ishlaydi.