Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning Yooshin Engineering Corporation kompaniyasi zamonaviy aeroport infratuzilmasi sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish niyatida. Xususan, kompaniyaning tajribasi va mutaxassislarini yangi “Toshkent” xalqaro aeroporti loyihasini amalga oshirishga jalb etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Hamkorlik masalasini O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov 13 sentyabr kuni Seulda Yooshin Engineering Corporation boshqaruv raisi Chon Gyon Su bilan muhokama qildi. Uchrashuv «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar Janubiy Koreya korporatsiyasining Inchxon xalqaro aeroportini qurish jarayonida to‘plagan ko‘p yillik tajribasidan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Yooshin Engineering Corporation‘ning yuqori malakali mutaxassislarini yangi “Toshkent” xalqaro aeroporti loyihasini amalga oshirishga jalb etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar O‘zbekistonda zamonaviy aeroport infratuzilmasini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi.