O‘zbekiston

Samarqandda yo‘l bezoriligi sodir etgan haydovchi ushlandi

Samarqandda yo‘l bezoriligi sodir etgan haydovchi ushlandi
Samarqandda yo‘l bezoriligi sodir etgan haydovchi ushlandi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqandda 8 sentyabr kuni kechqurun yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, sakkiz nafar piyodaning hayotiga xavf tug‘dirgan Malibu-2 avtomobili haydovchisi ushlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Hodisa taxminan soat 22:20 da Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida sodir bo‘lgan. Haydovchi piyodalarga yo‘l bermasdan, harakatini davom ettirgan va yo‘l bezoriligi sodir etgan.

Tekshiruv tadbirlari davomida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari avtomobil va uning haydovchisini aniqladi. Erkakka nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining yo‘l bezoriligi uchun javobgarlikni belgilovchi 128-10-moddasi birinchi qismi asosida maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Haydovchi bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. To‘plangan materiallar Samarqand shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuboriladi.

Haydovchining aytishicha, u shoshilgan va go‘yoki avtomobil tormozlari ishlamagani ssababli uchinchi yo‘lakka o‘tib ketgan. Piyodalarni urib yuborish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi savoldan so‘ng erkak ulardan hamda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlaridan uzr so‘ragan, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan va kelgusida bunday qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslikka vaʼda bergan.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga hamda piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan fuqarolarga nisbatan ayniqsa eʼtiborli bo‘lishga chaqirdi.

Idora, shuningdek, yo‘l bezoriligini sodir etish belgilangan muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qilishga olib kelishi mumkinligini eslatdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.