Iqtisod

GEOMIN-2026: O‘zbekiston geologiyada sunʼiy intellektdan foydalanishni muhokama qildi

GEOMIN-2026: O‘zbekiston geologiyada sunʼiy intellektdan foydalanishni muhokama qildi
GEOMIN-2026: O‘zbekiston geologiyada sunʼiy intellektdan foydalanishni muhokama qildi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Konchilik va geologiya vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda 13 sentyabr kuni GEOMIN-2026 tadbirlari doirasida «Zamonaviy geologiya: siyosat, texnologiyalar, mintaqaviy tadqiqotlar va inson kapitali» mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda qator mamlakatlarning geologiya xizmatlari, ilmiy tashkilotlari va sohaviy idoralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova ochib berdi. Davra suhbatida O‘zbekiston, Fransiya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Qozog‘iston, Misr, Turkiya, AQSH va boshqa davlatlardan mutaxassislar, shuningdek, xalqaro kasbiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Muhokamaning asosiy mavzularidan biri geologiya sohasini raqamli transformatsiya qilish bo‘ldi. Ishtirokchilar geologik, geofizik va geokimyoviy maʼlumotlarni qayta ishlash, turli tadqiqot usullarini birlashtirish, uch o‘lchamli modellar yaratish hamda raqamli egizaklarni ishlab chiqishda sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Feruza Hamidova O‘zbekistonda to‘plangan geologik materiallarni raqamli formatga o‘tkazish va ularni Milliy geologik maʼlumotlar bazasiga birlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Maʼlumotlarni standartlashtirish va ularning o‘zaro mosligini taʼminlash, zamonaviy raqamli vositalarni joriy etish, shuningdek, geologik qidiruv ishlarini olib borishda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tanqidiy minerallar, resurslarni tasniflash va hisobot standartlarini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalar ham alohida muhokama qilindi.

Ishtirokchilar xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, geologik maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatini oshirish va yangi loyihalarni jalb etishda milliy geologiya xizmatlarining o‘rnini ham muhokama qildi.

Yana bir yo‘nalish inson kapitalini rivojlantirish bo‘ldi.

Soha vakillari yosh mutaxassislarni tayyorlash, xalqaro taʼlim va ilmiy-tadqiqot dasturlari, shuningdek, geoinformatika, maʼlumotlar tahlili va uch o‘lchamli modellashtirishni taʼlim dasturlariga joriy etish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Davra suhbati yakunlari bo‘yicha tomonlar geologiya xizmatlari va ilmiy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.