Qirg‘izistonda «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘lidagi eng baland ko‘prik qurilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumanida «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘lidagi eng baland ko‘prik qurilishi davom etmoqda.
Kech-Olat daryosi ustidan qurilayotgan ko‘prikning umumiy uzunligi 956,67 metrni tashkil etadi. Uning eng baland tayanchi 96 metr, inshootning umumiy balandligi esa 122 metrga yetadi.
Qirg‘izistonning “Tuusu” axborot agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, mazkur ko‘prik «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘lining butun yo‘nalishi bo‘ylab eng baland inshoot bo‘ladi.
Ayni vaqtda ko‘prik poydevorini qurish ishlari to‘liq yakunlangan. Tayanchlar va ustunlarni qurish ishlari 54 foizga bajarilgan.
«Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘l loyihasi Xitoyni Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan bog‘lashi kerak bo‘lgan yangi transport yo‘lagini tashkil etishni nazarda tutadi.
Ko‘prik qurilayotgan hududdan eksklyuziv kadrlarni “Tuusu” axborot agentligi taqdim etdi.