Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov Investopia Bridge 2026 forumi doirasidagi ishbilarmonlik dasturi doirasida Abu-Dabida Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
TAQA Water Solutions kompaniyasi vakillari bilan Yangi Toshkentda suv tozalash inshootlarini qurish va ulardan foydalanish loyihasi muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida tomonlar loyihani birgalikda ishlab chiqish to‘g‘risidagi kelishuvning amal qilish muddatini uzaytirdilar.
First Abu Dhabi Bank bilan uchrashuvda asosiy eʼtibor gaz tashish infratuzilmasi sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlariga qaratildi. Tomonlar, shuningdek, bank sektorini qo‘llab-quvvatlash hamda islomiy moliyalashtirish va eksportni moliyalashtirish instrumentlaridan foydalanish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
AD Ports Group bilan muzokaralarda logistika sohasini raqamlashtirish, savdo-logistika xabini tashkil etish va kompaniyaning Transafg‘on transport koridorini rivojlantirishda ehtimoliy ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi.
Modon kompaniyasi bilan O‘zbekistondagi developerlik loyihalari ham alohida ko‘rib chiqildi. Takliflarni batafsil ishlab chiqish uchun tomonlar qo‘shma ishchi guruh tuzdilar.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha investitsiya takliflarini tayyorlash, moliyaviy va texnik parametrlarni kelishish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.