Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Raising Sun Technology Co. Ltd kompaniyasi Namangan viloyatining Chust tumanida materiallar uchun bo‘yoqlar ishlab chiqaradigan zamonaviy korxona qurilishiga 200 mln dollardan ortiq investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Loyiha uch bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Chust erkin iqtisodiy zonasi hududida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Birinchi bosqichda 85 mln dollar investitsiya o‘zlashtirilishi va 500 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Qurilish va ishlab chiqarishni tashkil etish jarayonida ekologik talablarga rioya qilish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida Chust tumanining sanoat salohiyatini oshirish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini ko‘paytirish kutilmoqda.