Iqtisod

Uzbekistan Airports va Krasnoyarsk aeroporti yangi yo‘nalishlarni muhokama qildi

Uzbekistan Airports va Krasnoyarsk aeroporti yangi yo‘nalishlarni muhokama qildi
Uzbekistan Airports va Krasnoyarsk aeroporti yangi yo‘nalishlarni muhokama qildi / Foto: Uzbekistan Airports.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Uzbekistan Airports va Dmitriy Xvorostovskiy nomidagi Krasnoyarsk xalqaro aeroporti Krasnoyarsk hamda O‘zbekiston shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuvda Krasnoyarsk aeroporti bosh direktori Kirill Yermakov ishtirok etdi.

Muzokaralar Farg‘onada bo‘lib o‘tgan Rossiya — O‘zbekiston forumi doirasida boshlangan muloqotning davomi bo‘ldi. Tomonlar aviakompaniyalarni yangi yo‘nalishlarga jalb qilish, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va yo‘lovchilar uchun qulay tranzit qatnovlarini tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Krasnoyarsk — Farg‘ona hamda Krasnoyarsk — Samarqand yo‘nalishlarini ochish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlardan tashqari, tomonlar tranzit tashuvlarni rivojlantirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, Farg‘ona orqali Istanbulga, Samarqand orqali esa Tel-Aviv va Dubayga yo‘l oluvchi yo‘lovchilar uchun qulay tranzit qatnovlarini tashkil etish mumkin.

O‘z navbatida, Krasnoyarsk O‘zbekistondan Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasi shaharlari va Xitoyga safar qiluvchi yo‘lovchilar uchun tranzit nuqtasi sifatida xizmat qilishi mumkin.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Uzbekistan Airports va Krasnoyarsk xalqaro aeroporti istiqbolli yo‘nalishlarni hamda aviakompaniyalarni jalb qilish imkoniyatlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Hamkorlikning alohida yo‘nalishi aviakompaniyalar va turizm sohasi vakillari ishtirokida qo‘shma marketing loyihalarini amalga oshirish bo‘ladi. Ular yangi yo‘nalishlarni targ‘ib qilish, turistik mahsulotlarni ishlab chiqish va yo‘lovchilar talabini oshirishga qaratilgan.

Shu tariqa, tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni ham, O‘zbekiston, Sibir, Rossiyaning Uzoq Sharqi va boshqa xalqaro yo‘nalishlarni bog‘lovchi tranzit imkoniyatlarini ham bir vaqtning o‘zida rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.