7
Dunyo

IATA elektron vizalarni tekshirishni standartlashtirishga chaqirdi

IATA elektron vizalarni tekshirishni standartlashtirishga chaqirdi
IATA elektron vizalarni tekshirishni standartlashtirishga chaqirdi / Foto: IATA.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) hukumatlarni elektron vizalarni tasdiqlash usullarini standartlashtirishga chaqirdi.

Hozirda 100 dan ortiq mamlakat elektron vizalar beradi, biroq aviakompaniyalar yo‘lovchini ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida ularning haqiqiyligini tekshirishi uchun yagona usul hanuz mavjud emas. Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) maʼlum qildi.

Ushbu muammo aviakompaniyalar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlarni keltirib chiqarmoqda. IATAning aeroportlar, infratuzilma va mijozlar tajribasi bo‘yicha direktori Xarri Greval taʼkidlashicha, xalqaro reysga chiqishdan oldin aviakompaniya yo‘lovchida manzil mamlakatga kirish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar mavjudligini tekshirishi shart.

Xatoga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, tashuvchiga jarima solinishi va yo‘lovchini deportatsiya qilish xarajatlari yuklatilishi mumkin. Bu xarajatlar har bir yo‘lovchi uchun o‘rtacha 9 ming dollarni tashkil etadi.

Elektron vizani tasdiqlovchi hujjat elektron xat, PDF-fayl yoki QR-kod shaklida bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda uni veb-sayt yoki davlat maʼlumotlar bazasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish orqali tekshirish talab etiladi. Boshqa hollarda esa tasdiqlovchi hujjat qo‘lda tekshiriladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish stoykasidagi xodim dunyoning istalgan mamlakatiga, jumladan, o‘z vizaviy talablariga ega tranzit punktlari orqali uchadigan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi kerak.

IATAning nazorat organlari bilan hamkorlik bo‘yicha ishchi guruhi kirish uchun elektron ruxsatnomalarni berish va tekshirishga doir tavsiyalarni eʼlon qildi. Ular Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) ishlanmalariga asoslangan bo‘lib, ikkita asosiy mexanizmni taklif etadi.

Birinchi mexanizm — yo‘lovchilar haqidagi dastlabki maʼlumotlarni interaktiv uzatish tizimi (iAPI). Yo‘lovchini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida aviakompaniya uning maʼlumotlarini elektron shaklda manzil mamlakatga yuboradi va real vaqt rejimida yo‘lovchining safar talablariga muvofiqligi haqida javob oladi.

Tashuvchilar maʼlumotlariga ko‘ra, to‘liq ishlaydigan iAPI tizimlari mavjud mamlakatlarda hujjatlarga qo‘yilgan talablarga rioya etilish darajasi hujjatlar qo‘lda tekshiriladigan mamlakatlarga nisbatan 20 baravargacha yuqori. Biroq hozirda bunday tizimlar 30 dan kam mamlakatda joriy etilgan.

Ikkinchi mexanizm — ICAOning raqamli safar ruxsatnomasi (Digital Travel Authorization, DTA). Bu raqamli imzo bilan tasdiqlangan, ruxsatnomaga oid asosiy maʼlumotlar yagona formatda taqdim etiladigan standartlashtirilgan hujjatdir. DTA iAPI orqali tekshirish imkoni bo‘lmagan holatlarda ham ruxsatnomaning haqiqiyligini tasdiqlashga yordam beradi.

IATA iAPI va DTA tizimlarini butun dunyo bo‘ylab joriy etish vaqt talab qilishini tan olmoqda. Bu jarayonga, jumladan, milliy xavfsizlik bilan bog‘liq masalalar ham taʼsir ko‘rsatadi.

Shu bois assotsiatsiya hozircha hukumatlarga mavjud viza tasdiqnomalarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, aviakompaniyalarning ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlari bilan mos keladigan tekshiruv usullarini ishlab chiqish va yangi vizaviy dasturlarni tayyorlash jarayoniga tashuvchilarni jalb etishni taklif qilmoqda.

Xarri Grevalning taʼkidlashicha, yagona standartlarga o‘tish davlatlarning kimga viza talab qilish va mamlakatga kirish shartlarini mustaqil belgilash huquqini cheklamaydi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.