Shoshilinch
Dunyo

Yigirma besh yillik davlat xizmatidagi faoliyat: Hindistondan butun dunyoga qadar bo‘lgan yo‘l

Yigirma besh yillik davlat xizmatidagi faoliyat: Hindistondan butun dunyoga qadar bo‘lgan yo‘l
Yigirma besh yillik davlat xizmatidagi faoliyat: Hindistondan butun dunyoga qadar bo‘lgan yo‘l / Foto: Hindistonning O'zbekistondagi elchixonasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 7-oktabr kuni Hindiston muhim sanani nishonlamoqda: Shri Narendra Modi janoblarining davlat xizmatidagi uzluksiz faoliyatiga 25 yil to‘ldi. U 2001-yil 7-oktabrda Gujarat shtati Bosh vaziri lavozimiga kirishganidan to bugungi kungacha, ya’ni Hindiston Bosh vaziri sifatidagi faoliyatigacha bo‘lgan chorak asrlik davr Hindistonning o‘zida ham, mamlakatning xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarida ham chuqur o‘zgarishlar yuz bergan davrga to‘g‘ri keldi.

Xorijda yashovchi hindistonlik va 2023-yilgi Pravasi Bharatiya Samman mukofoti sohibi sifatida men Hindistonning o‘zgarishlarini nafaqat mamlakat ichidan, balki butun dunyodagi hindistonliklar hamjamiyati nuqtayi nazaridan ham kuzatish imkoniga ega bo‘ldim. Xorijda yashayotgan millionlab hindistonliklar uchun Hindistonning taraqqiyoti o‘zligimizni anglash, o‘zimizga bo‘lgan ishonch va Vatanga daxldorlik hissimiz bilan chambarchas bog‘liq.

Bu jarayonning eng yaqqol ko‘rinishlaridan biri Hindistonning xalqaro hamjamiyat bilan aloqalari tobora kengayib borayotganidir. Bugungi kunda hind diasporasi o‘zini nafaqat Hindistondan tashqarida yashovchi hamjamiyat, balki Hindiston bilan o‘zi istiqomat qilayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi muhim ko‘prik sifatida ham ko‘rmoqda. Bu, ayniqsa, chuqur tarixiy va sivilizatsiyaviy aloqalarga ega bo‘lgan Hindiston va O‘zbekiston munosabatlarida yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zbekistondagi Hindiston hamjamiyati raisi sifatida men ikki mamlakatimiz o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va iliq munosabatlarning bevosita guvohi bo‘ldim.



Hindiston Bosh vaziri Shri Narendra Modi janoblari O‘zbekistonga to‘rt marta — 2015, 2016, 2022-yillarda va yaqinda, 2026-yil avgust oyida tashrif buyurdilar. Ularning so‘nggi tashrifi, ayniqsa, tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Tashrif davomida Hindiston va O‘zbekiston o‘zaro munosabatlarini Keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tardilar. Savdo, investitsiyalar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, ta’lim, raqamli texnologiyalar, energetika, muhim foydali qazilmalar, turizm va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Ushbu tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Janobi Oliylari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Hindiston Bosh vaziri Shri Narendra Modi janoblariga yuksak mukofot topshirilgani ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Hindiston va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi e’tirofi sifatida u O‘zbekistonning eng oliy davlat mukofoti — «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandilar. O‘zbekistondagi hind hamjamiyati uchun bu faxrli va unutilmas lahza bo‘ldi. O‘zbekistondagi hind hamjamiyati Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishga qat’iy intiladi.

Hindiston va O‘zbekiston hamkorligining rivojlanishida atrof-muhit barqarorligiga qaratilayotgan e’tibor ham birdek muhimdir. Bosh vazir Shri Modi janoblarining «Ek Ped Maa Ke Naam» — «Ona nomiga bir nihol ekish» tashabbusi Hindiston bo‘ylab keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Uning O‘zbekistonga so‘nggi tashrifi chog‘ida ushbu ezgu tashabbus O‘zbekistonning ekologik holatni yaxshilash va daraxtzorlar maydonini kengaytirishga qaratilgan «Yashil Makon» umummilliy loyihasi bilan uyg‘unlashdi.

Men uchun bu tashabbus oddiy bir daraxt ekishdan ko‘ra ancha keng ma’noga ega. U sog‘lom sayyora va farzandlarimiz uchun yanada yaxshi kelajakni ta’minlash yo‘lidagi umumiy intilishimizni ifodalaydi. Shu maqsadda O‘zbekistondagi hind hamjamiyati va hindistonlik tadbirkorlar mamlakatimizda 35 000 tup daraxt ekish tashabbusi bilan chiqdilar.

Shri Narendra Modi rahbarligidagi so‘nggi 12 yil davomida Hindistonning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshdi. Diplomatiya, texnologiyalar, infratuzilma, raqamli davlat xizmatlari, tadbirkorlik, kosmik tadqiqotlar, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalarda mamlakatning salohiyati va global ishtiroki kengaydi.

Doktor Ashok Kumar Tiwary
2023-yilgi Pravasi Bharatiya Samman mukofoti sohibi, O‘zbekistondagi Hindiston hamjamiyati raisi

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.