Dunyo

Infantino jahon chempionatlarini kengaytirish rejasidan voz kechdi

Infantino jahon chempionatlarini kengaytirish rejasidan voz kechdi
Infantino jahon chempionatlarini kengaytirish rejasidan voz kechdi / Foto: FIFA.

Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino milliy terma jamoalar va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlarini yana-da kengaytirish rejalaridan voz kechdi.

Britaniyaning The Times gazetasi maʼlumotiga ko‘ra, bunday qaror tashkilot rahbariga nisbatan bosim kuchaygani, xususan, turnirlarni o‘tkazish huquqlarini tijoratlashtirish bo‘yicha tashabbuslari tanqidga uchragani bilan bog‘liq.

Nashr xabar berishicha, agar Infantino FIFA prezidenti lavozimiga qayta saylansa, u jahon chempionatlarida ishtirok etuvchi jamoalar sonini oshirishni talab qilmaydi.

The Times nashri avgust oyida FIFA rahbari Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasining (KONMEBOL) 2030 yilgi jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 ta terma jamoaga yetkazish taklifini qo‘llab-quvvatlagani haqida yozgan edi. Gazeta talqiniga ko‘ra, ushbu tashabbus prezidentlik saylovlari arafasida Infantinoning ko‘proq milliy futbol federatsiyalari qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lishiga yordam berishi mumkin edi.

FIFAning asosiy erkaklar va ayollar musobaqalariga tegishli tijorat huquqlarini boshqarishi kerak bo‘lgan FIFA Forward Enterprise kompaniyasini tashkil etish rejasi ham qo‘shimcha tanqidlarga sabab bo‘ldi. Tashkilot vakillari ushbu sxema 4,2 milliard dollar daromad keltirishi va federatsiyaga aʼzo assotsiatsiyalarning tushumlarini oshirishi mumkinligini bildirgan edi.

Biroq mazkur taklif qator xalqaro futbol tashkilotlari, jumladan, Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYEFA), Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF), Osiyo futbol konfederatsiyasi hamda KONMEBOL qarshiligiga uchradi.

Infantino loyihadan voz kechganidan so‘ng UYEFA FIFA prezidentiga nisbatan ishonch yo‘qolganini maʼlum qildi. The Telegraph nashri maʼlumotiga ko‘ra, Yevropa tashkiloti Infantino o‘z lavozimini ixtiyoriy ravishda tark etmasa, unga nisbatan ishonchsizlik votumi eʼlon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

FIFA prezidenti saylovlari 2027 yil mart oyida Marokashda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Infantino 2016 yil fevral oyida tashkilot rahbari etib saylangan va shundan keyin muqobil nomzodlarsiz ikki marta qayta saylangan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.