Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, Acwa kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatning turistik salohiyatini targ‘ib etish va o‘zaro sayohatchilar oqimini ko‘paytirish masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar davomida 2026 yil iyun oyida imzolangan turizm sohasidagi Harakatlar rejasini amalga oshirish, shuningdek, Saudiya Arabistoni investorlarining O‘zbekistondagi turistik infratuzilma loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Turistik hududlarning bosh rejalarini ishlab chiqish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar O‘zbekistonni Saudiya Arabistoni bozorida targ‘ib qilish, raqamli PR-kampaniyalarni o‘tkazish va saudiyalik sayyoxlarning xohish-istaklarini hisobga olgan holda turistik paketlarni tayyorlash masalalarini ham muhokama qildi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida turistik kompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va viza rasmiylashtirish tartiblarini soddalashtirish ham qayd etildi.
Takliflardan biri sifatida Ar-Riyod shahridagi Boulevard World majmuasida O‘zbekistonning doimiy pavilyonini tashkil etish masalasi ilgari surildi.
Unda mamlakatning madaniy merosi va turistik imkoniyatlarini namoyish etish, shuningdek, tashrif buyuruvchilarga turistik paketlarni bron qilish va xarid qilish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.
2026 yil 25–27 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — «Ipak yo‘lida turizm» tadbiriga tayyorgarlik doirasida uchrashuv ishtirokchilari Saudiya Arabistoni turistik kompaniyalari vakillari hamda blogerlari uchun tanishuv safarlarini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, B2B formatida ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazish va besh kundan yetti kungacha davom etadigan turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishlari sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va mavsumiy charter reyslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi mumkin.
Tomonlar Saudiya Arabistonining MICE kompaniyalarini O‘zbekistonda xalqaro konferensiyalar va ishbilarmonlik tadbirlarini tashkil etishga jalb qilish imkoniyatini ham muhokama qildi.
Bundan tashqari, ikki mamlakatda o‘tkaziladigan yirik turistik, madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar taqvimlarini o‘zaro almashish muhimligi taʼkidlandi.
Saudiya Arabistoni investorlarini Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida ilk bor o‘tkaziladigan Xalqaro turistik investitsiyalar forumiga taklif etish ham rejalashtirilmoqda.
Muzokaralar yakunida tomonlar istiqbolli loyihalarni muhokama qilishni davom ettirish va kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib borishga kelishib oldi. Bu O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash hamda turistik almashinuvlarni kengaytirishga qaratilgan.