7
Texnologiyalar

IT Park Uzbekistan Osiyodagi eng yaxshi bilimlar zonasi deb topildi

IT Park Uzbekistan Osiyodagi eng yaxshi bilimlar zonasi deb topildi
IT Park Uzbekistan Osiyodagi eng yaxshi bilimlar zonasi deb topildi / Foto: IT Park Uzbekistan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan Global Free Zones of the Year Awards 2026 xalqaro mukofotining «Yilning bilimlar zonasi — Osiyo-Tinch okeani mintaqasi» (Knowledge Zone of the Year – Asia-Pacific) nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

Mukofot Financial Times Group tarkibiga kiruvchi ixtisoslashgan nashr — fDi Intelligence tomonidan tashkil etiladi.

Ushbu mukofot O‘zbekiston texnologik ekotizimining rivojlanishi, xalqaro kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, raqamli soha uchun mutaxassislar tayyorlash borasidagi natijalarni eʼtirof etadi.

Global Free Zones of the Year Awards mukofoti har yili dunyodagi iqtisodiy zonalarni biznes va investitsiyalarni jalb qilish strategiyalarining samaradorligi nuqtai nazaridan baholaydi. 2026 yilda mukofot uchta toifani qamrab oldi: sanoat zonalari, bilimlar zonalari va istiqbolli zonalar. Knowledge Zones toifasi axborot texnologiyalari, moliyaviy va biznes xizmatlari hamda qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashgan hududlarni o‘z ichiga oladi.

Raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish va kadrlar tayyorlash

IT Park Uzbekistan faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri xalqaro texnologik bozor uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘lib qolmoqda. Tashkilot maʼlumotlariga ko‘ra, One Million Uzbek Coders loyihasi doirasida 1,7 million nafar yosh taʼlim olgan, Five Million AI Leaders tashabbusi esa 1,3 million kishini qamrab olgan.

4 926 nafar yosh mutaxassisga xalqaro IT sertifikatlarini olishda ko‘mak ko‘rsatilgan. Sertifikatlash va taʼlim xarajatlarini qoplash uchun 18 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. IT-Talents dasturi doirasida esa bitiruvchilari eksportga yo‘naltirilgan IT kompaniyalariga ishga joylashadigan taʼlim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 3,17 mlrd so‘m ajratilgan.

Raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishga ICT4Girls tashabbusi, startaplarni inkubatsiya qilish dasturlari, milliy texnologik tanlovlar hamda universitetlarda tashkil etilgan 20 ta sunʼiy intellekt laboratoriyasi ham hissa qo‘shmoqda.

Xalqaro faoliyatni kengaytirish

IT Park Uzbekistan maʼlumotlariga ko‘ra, uning ekotizimi 4 100 dan ortiq rezident kompaniyani, jumladan, xorijiy kapital ishtirokidagi 1 200 dan ziyod kompaniyani birlashtiradi. Ushbu kompaniyalarda 56 mingdan ortiq mutaxassis ish bilan taʼminlangan.

1 100 dan ortiq eksportchi kompaniya 102 ta mamlakat bozoriga xizmatlar yetkazib beradi. Tashkilot maʼlumotlariga ko‘ra, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari eksporti 1,1 mlrd dollardan oshgan.

Xorijiy biznesni jalb qilishga soliq imtiyozlari, infratuzilmani rivojlantirish va xalqaro hamkorlik aloqalari yordam bermoqda. Bu shart-sharoitlar eksportga yo‘naltirilgan texnologik kompaniyalar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Startap ekotizimining xalqaro eʼtirofi

Materialda O‘zbekistonning texnologik tadbirkorlik sohasidagi xalqaro reytinglarda erishgan natijalari ham qayd etilgan.

StartupBlink Global Startup Ecosystem Index 2026 maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Country of the Year 2026 unvoniga sazovor bo‘lgan va 227,3 foizlik o‘sish ko‘rsatkichi bilan dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi sifatida eʼtirof etilgan.

Ikki yil ichida O‘zbekiston jahon reytingida 31 pog‘ona yuqorilab, 79-o‘rinni egallagan. Toshkent esa startap shaharlari orasida 229-o‘rindan joy olgan.

Dealroom tahliliy platformasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2026 yilda O‘zbekiston startap ekotizimining umumiy baholangan qiymati 4,3 mlrd dollarga yetgan.

fDi Intelligence mukofoti O‘zbekiston texnologik sektorining rivojlanishi xalqaro miqyosda yana bir bor eʼtirof etilganini ko‘rsatadi. Bu jarayonda investitsiya siyosati, raqamli infratuzilma va malakali kadrlar tayyorlash muhim o‘rin tutadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.