Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, suv taʼminotini yaxshilash hamda ulardan samarali foydalanish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda 21 million 255 ming gektar yaylov mavjud, biroq ularning atigi 40 foizidan samarali foydalanilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu katta imkoniyatni toʻliq ishga solish yurtimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda favqulodda muhim ekanini koʻrsatib oʻtdi.
Yaqinda yaylovlardan samarali foydalanish boʻyicha imzolangan Prezident qarori ijrosini tashkil etish vazifalari belgilab olindi. Hokimlar oldiga yil yakunigacha 620 ming gektar, kelgusi yilda 3 million 700 ming gektar yaylovni qayta tiklash va hosildorligini oshirish vazifasi qoʻyildi. Ular Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi bilan bir oy muddatda degradatsiyaga uchragan maydonlarni joriy yilda 10 foizga, kelasi yili 20 foizga qisqartirish boʻyicha kompleks dasturlarni tasdiqlaydi.
Navoiy viloyatida mahalliy budjetdan ajratilgan 30 milliard soʻm hisobiga “Kengsoy” nasos stansiyasi rekonstruksiya qilinib, 20 ming gektar yaylov oʻzlashtirilmoqda. Bu imkoniyatdan foydalanib, 11 ta tadbirkor suv havzalari qurish va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy etishga kirishgan. Natijada ushbu maydonlarda 60 ming bosh qoramol uchun yiliga 250 ming tonna ozuqa yetishtirish imkoniyati paydo boʻladi.
Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida esa 1 ming 332 gektar yaylovda pivot sugʻorish tizimi joriy etilib, mahalliy sharoitga mos yangi ozuqabop oʻsimliklar ekilmoqda. Ushbu tajribani Muborak va Dehqonobod tumanlarida ham yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bir yil ichida jami 9,4 ming gektar urugʻchilik maydonini tashkil etish topshirildi.
Yaylovlarni suv bilan taʼminlash uchun moliyaviy manbalar ham belgilandi. Yaylovlar ijarasidan tushadigan mablagʻlar hududiy yaylov xoʻjaliklari ixtiyorida qoldiriladi. Ushbu mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha 448 ta quduq qazilib, kelgusi yilda 1,5 million gektar yaylovning suv taʼminoti yaxshilanadi. Yil yakunigacha 1 ming 600 ta quduq taʼmirlanadi.
Qolaversa, budjetdan ajratilgan 100 milliard soʻm hisobidan joriy yilda 161 ta, 2027- va 2028-yillarda 81 tadan – jami 323 ta sugʻorish inshooti barpo etiladi. Bu 969 ming gektar yaylovni tiklash imkonini beradi.
Yaylovlardan uzoq yillardan buyon foydalanib kelayotgan chorvadorlarning huquqlarini rasmiylashtirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Hozir 260 ming bosh chorva boqilayotgan 623 ming gektar yaylovni amaldagi foydalanuvchilar nomiga rasmiylashtirish uchun tegishli komissiyaning vakolati yil oxirigacha uzaytiriladi.
Olis hududlardagi aholi oʻz xonadonlaridagi chorvani oʻtlatishi uchun jamoat yaylovlari tashkil etiladi. Yil yakunigacha 470 ta mahallaga 627 ming gektar yaylov 49 yilga bepul ijaraga beriladi. Ushbu maydonlar soliqdan ozod qilinadi.
Yangi tartibga koʻra, yaylov yerlarining toifasini oʻzgartirmasdan chorvachilik komplekslari qurishga ruxsat beriladi. Bu jarayonda yer uchastkalarining boshlangʻich narxi va yer soligʻi qishloq xoʻjaligi yerlari kabi hisoblanadi. Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida jami 130 gektar maydonda 55 ming boshdan ortiq chorvaga moʻljallangan 15 ta kompleks qurilishi belgilandi.
Yaylovlardan faqat chorva boqish uchun emas, balki ekoturizm, asalarichilik, dorivor oʻsimliklar yetishtirish, koʻchatchilik, ovchilik va pillachilik yoʻnalishlarida ham foydalanish muhim ekani qayd etildi. Shu sababli yaylovlarni mazkur faoliyat turlari uchun ham ijaraga berishga ruxsat etiladi. Bunday loyihalarni amalga oshirishda yaylovlarning tabiiy holatini saqlash va ularning qayta tiklanishini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga yaylovlarni tiklash, suv va ozuqa bazasini mustahkamlash, aholi hamda tadbirkorlar uchun belgilangan yangi imkoniyatlarni joylarda amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.