Shoshilinch
Texnologiyalar

Toshkentda CSS 2026 Xalqaro kiberxavfsizlik sammiti bo'lib o'tdi

Toshkentda CSS 2026 Xalqaro kiberxavfsizlik sammiti bo'lib o'tdi
Toshkentda CSS 2026 Xalqaro kiberxavfsizlik sammiti bo'lib o'tdi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 5–7 oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Kiberxavfsizlik sammiti – Markaziy Yevrosiyo, CSS 2026” xalqaro tadbiri ham aynan shu maqsadlarga xizmat qildi. Kiberxavfsizlik markazi va Buyuk Britaniyaning “Dialogue Events” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir mintaqaviy va xalqaro kiberhamjamiyat vakillarini bir maydonda jamladi.

Unda 30 dan ortiq davlatdan 600 dan ortiq delegat ishtirok etdi va soha doirasida qator taqdimotlar tinglandi. Muhokamalarda global kiberxavflarning o‘zgaruvchan tabiati, muhim infratuzilmani himoya qilish, biznes aktivlari xavfsizligini ta’minlash hamda raqamlashtirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi. Zamonaviy kiberhujumlar davlat chegaralari bilan cheklanmaydi.

Bir hududda yuzaga kelgan zaiflik yoki sodir etilgan hujum boshqa mamlakatlar va tashkilotlar faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois kiberxavfsizlikni ta’minlashda alohida tashkilot yoki davlatning sa’y-harakatlari bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro hamkorlik, tajriba almashish va o‘zaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni rivojlantirish muhimdir.

Sammitda ishtirok etgan Fransiyaning “Expertise France” tashkiloti Tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik departamenti direktorining o‘rinbosari Bénédicte Boreited ham mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro tajriba almashishning ahamiyatini alohida ta’kidladi.

“Biz tadbirda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida kiberxavfsizlik bo‘yicha amalga oshirayotgan loyihalarimiz tajribasini taqdim etdik. Bu sammitda ikkinchi bor ishtirok etishimiz. O‘zbekistonning bunday keng ko‘lamli tadbirni tashkil eta olgani, kiberxavfsizlik va zamonaviy yechimlar muhokama qilinayotganini ko‘rish juda quvonarli”, — dedi u.

Bénédicte Boreitedning qayd etishicha, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik turli mamlakatlarning tajribasi va bilimlarini birlashtirish imkonini beradi. Bir mamlakatda samarali natija bergan yechimni boshqasining sharoitiga moslashtirish mumkin. Chunki kiberxavfsizlik muammolari global xususiyatga ega va ularga qarshi samarali kurashish uchun hamkorlikka asoslangan umumiy yondashuv zarur.

Ozarbayjon Respublikasi Raqamli rivojlanish va transport vazirligi huzuridagi Milliy kiberxavfsizlik agentligi vakili Elman Muradov ham sammitda ishtirok etish imkoniyati uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.

“Agentligimizga ko‘rsatilgan e’tibor va samimiy taklif uchun O‘zbekiston Kiberxavfsizlik markaziga minnatdorlik bildiramiz. Bunday tadbirda qatnashish Markaziy Osiyo va undan tashqaridagi hamkasblar bilan fikr va tajriba almashish uchun ajoyib imkoniyatdir”, — dedi u.

Cyberkent 4.0: nazariyadan amaliyotga

2026-yil 5–6 oktabr kunlari “Cyberkent 4.0” musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar nazariy bilimlarini amaliy vazifalarda sinovdan o‘tkazib, o‘zaro raqobat va tajriba almashish orqali kasbiy mahoratlarini namoyon etdilar.

Xalqaro sammitning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan “Cyberkent 4.0” musobaqalari kiberxavfsizlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni amaliy sharoitda sinash, iqtidorli mutaxassislarni aniqlash hamda yoshlarning sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratildi. Musobaqa sohaga qiziquvchi 2500 nafardan ortiq ishtirokchi va mehmonlarni qamrab oldi.

Musobaqa yetti yo‘nalishdan iborat:

Musobaqa doirasida “Red team” va “Blue team” yo‘nalishlari ishtirokchilarning amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishga qaratilgani bilan ajralib turdi. Ushbu yo‘nalishlarda jamoalar kiberhujumlarni aniqlash, tizimlarni himoya qilish va mavjud zaifliklarni topish kabi vazifalarni bajardilar.

“Blue team” jamoalarining asosiy vazifasi virtual infratuzilmani himoya qilish, turli kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishdan iborat. Bunday vazifalar chuqur texnik bilim, vaziyatni tezkor tahlil qilish, to‘g‘ri qaror qabul qilish va jamoaviy hamjihatlikni talab etadi.

“Red team” ishtirokchilari esa tizimlarning xavfsizlik darajasini tekshirish, mavjud zaifliklarni aniqlash va ulardan foydalanish imkoniyatlarini sinashga yo‘naltirilgan topshiriqlarni bajardilar. Buning uchun real sharoitlarni modellashtiruvchi “Cyberkent” maketi tayyorlanib, unda 24 ta real manzil asosidagi muhit yaratildi. Bu ishtirokchilarga tizimlar xavfsizligini amaliy jihatdan baholash imkonini berdi.

Musobaqaning xalqaro miqyosda o‘tkazilishi uning ahamiyatini yanada oshirdi. Xususan, Belarus vakili Alyaksey Tsymbalauvning ta’kidlashicha, bunday bellashuvlar mutaxassislar uchun o‘z mahoratini sinash bilan birga, xalqaro tajriba almashish imkoniyatini ham yaratadi.

“Kiberxavfsizlik tahdidlari transchegaraviy xususiyatga ega. Shu sababli Toshkent kabi maydonlarda tajriba almashish, o‘z bilim va ko‘nikmalarimizni namoyish etish hamda boshqa mamlakatlardan kelgan hamkasblar bilan muloqot qilish juda muhim. Biz bu yilgi musobaqalarda ikkita jamoa bilan qatnashmoqdamiz. Bu jamoalarimiz uchun o‘z salohiyatini namoyon etish, yangi tajriba orttirish va boshqa mutaxassislar bilan professional aloqalarni rivojlantirish imkoniyatidir” — dedi Alyaksey Tsymbalauv.

 “Enersok” kompaniyasining axborot xavfsizligi bo‘yicha rahbari (CISO) Quyoshbek Mirzakamolov sammitda ikkinchi bor qatnashayotganini aytib, bunday tadbirlarning soha rivoji uchun ahamiyatiga to‘xtaldi.

“Bugungi kunda kiberxavfsizlik sohasida yangi bosqichga chiqish, mutaxassislarni bir maydonda jamlash va ayniqsa, sun’iy intellekt rivojlanayotgan davrda yuzaga kelayotgan tahdidlarga munosib javob qaytarish juda muhim. Bunday tadbirlar soha vakillariga o‘zaro fikr almashish va birgalikda yechim izlash imkonini beradi”, — dedi u.

Quyoshbek Mirzakamolov “Cyberkent 4.0” musobaqalarining amaliy jihatlarini ham alohida ta’kidladi. Uning fikricha, “Red team” va “Blue team” jamoalarining real vaziyatlarga yaqin ssenariylarda bellashishi mutaxassislar uchun foydali tajriba maktabidir. Chunki bu jarayonda himoya mexanizmlarini sinash, zaifliklarni aniqlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga tayyor turish ko‘nikmalari rivojlanadi.

Shu jihatdan “Cyberkent 4.0” nafaqat musobaqa, balki kiberxavfsizlik bo‘yicha amaliy tayyorgarlikni mustahkamlash, mutaxassislarning o‘zaro tajribasini boyitish va kasbiy salohiyatini namoyish etish maydoni sifatida ham ahamiyat kasb etdi.

Ochiq topshiriqlarning “CTF Master” yo‘nalishida ishtirokchilarning texnik bilimlari va muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, “The AI Underworld” sun’iy intellekt bilan bog‘liq tahdidlar va hujum ssenariylarini tahlil qilishga yo‘naltirildi. “Attack Surface AI” doirasida esa sun’iy intellekt tizimlaridagi ehtimoliy zaifliklarni aniqlash va ularning xavfsizligini baholash vazifalari bajarildi.

“Bug Bounty” zaifliklarni aniqlashga, “CyberQuiz” kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarni sinash va soha vakillari bilan muloqot qilishga imkon berdi. Viktorina doirasida 200 dan ortiq turli sovrinlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, esdalik sovg‘alari ajratildi. “Cybermergan” yo‘nalishida esa ishtirokchilar aniqlik va chaqqonlikni talab etuvchi o‘yinda qatnashdilar.

Musobaqa dasturidan o‘rin olgan “Cybermuloqot” seminar-treningi esa yoshlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish uchun imkoniyat yaratishga qaratildi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.