Shoshilinch
O‘zbekiston

Toshkentda havo sifati qisqa muddatga yomonlashishi mumkin

Toshkentda havo sifati qisqa muddatga yomonlashishi mumkin
Toshkentda havo sifati qisqa muddatga yomonlashishi mumkin / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 14 oktyabrga o‘tar kechasi noqulay meteorologik sharoitlar taʼsirida Toshkent shahrida havo sifati qisqa muddatga yomonlashishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi maʼlum qildi.

Prognozlarga ko‘ra, tungi va ertalabki soatlarda xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha havo sifati asosan «sezgir aholi guruhlari uchun nosog‘lom» darajasiga mos keladi. Milliy standart bo‘yicha esa u “yaxshi” deb baholanadi.

Ayrim hududlarda havo sifati qisqa muddatga “nosog‘lom” darajaga ham yetishi mumkin. Milliy standart bo‘yicha bu holat “o‘rtacha” toifaga to‘g‘ri keladi.

Global meteorologik modellar maʼlumotlari va O‘zgidromet prognozlariga ko‘ra, tunda havo harorati 11 darajagacha pasayishi, shamol tezligi esa sekundiga 0–2 metrni tashkil etishi mumkin.

Bunday sharoitda yerga yaqin havo qatlamining tez sovishi va yuqoridagi havoning nisbatan iliqligicha qolishi natijasida harorat inversiyasi yuzaga kelishi mumkin.

Shamolning sustligi va harorat inversiyasi atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvini cheklaydi. Shu sababli mayda zarrachalar — PM2.5 va PM10 yer yuzasi yaqinida to‘planib, tungi va ertalabki soatlarda ularning konsentratsiyasi vaqtincha oshishi mumkin.

Kunduzi yer yuzasi isishi, harorat inversiyasining susayishi va havoning vertikal aralashuvi kuchayishi natijasida havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda. Aholiga kechki vaqtda ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lishdan saqlanish tavsiya etilmoqda.

Ayni paytda atmosfera havosi sifati maxsus komissiya tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.