Shoshilinch
O‘zbekiston

Toshkentda Farg‘ona shossesida «Yashil to‘lqin» ishga tushirildi

Toshkentda Farg‘ona shossesida «Yashil to‘lqin» ishga tushirildi
Toshkentda Farg‘ona shossesida «Yashil to‘lqin» ishga tushirildi / Foto: Videodan olingan kadr.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentdagi Farg‘ona shossesida «Yashil to‘lqin» rejimi ishga tushirilib, yo‘lning 6 kilometrlik qismidagi 13 ta svetofor obyekti ishi sinxronlashtirildi. Tizim sutka davomida uzluksiz ishlaydi.

«Yashil to‘lqin» Qo‘yliq ko‘prigidan keyin joylashgan «Qo‘yliq ota» maqbarasidan UzBUMgacha bo‘lgan yo‘l qismida sozlangan. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Markaz maʼlumotlariga ko‘ra, o‘tkazilgan o‘lchovlar tirbandlik yuqori bo‘lmagan vaqtlarda mazkur yo‘l qismidan o‘tish vaqti qisqarganini ko‘rsatdi.

Agar ilgari ushbu yo‘ldan o‘tish taxminan 12–13 daqiqa vaqt olgan bo‘lsa, svetoforlar sozlanganidan so‘ng bu ko‘rsatkich taxminan 9 daqiqani tashkil etmoqda. Shu tariqa, yo‘lda harakatlanish vaqti taxminan 25 foizga qisqardi.

«Yashil to‘lqin» tizimi barcha chorrahalarda doimiy yashil chiroq yonib turishini anglatmaydi. Svetoforlar shunday sinxron ishlaydiki, hisoblangan tezlikda harakatlanayotgan haydovchilar imkon qadar ko‘proq chorrahalardan yashil chiroqda o‘tishi mumkin bo‘ladi.

Tizimning asosiy vazifasi qizil chiroqda to‘xtashlar sonini kamaytirish, transport oqimini bir maromga keltirish va yo‘lda harakatlanish vaqtini qisqartirishdan iborat.

Farg‘ona shossesi Toshkentga olib kiruvchi asosiy transport yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Qo‘yliq yo‘nalishi orqali poytaxtga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan katta miqdorda avtomobillar oqimi kiradi, shundan so‘ng transport shaharning markaziy tumanlari tomon taqsimlanadi.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari mazkur yo‘l qismidagi vaziyatni sutka davomida kuzatishni davom ettirmoqda.

Zarur hollarda svetoforlarning ishlash rejimlari qo‘shimcha ravishda tuzatiladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.